BUZGALAXONA

BUZGALAXONA, Buzgala (tojikcha buzg’ola — tog’ echkisi, kiyik) — Boysun tog’laridagi tor dara (Surxondaryo viloyatida). Shahrisabz bilan Termiz oraligida, granit va porfirdan tuzilgan. Uzunligi qariyb 3 kilometr, eni 12-20 metr. Bu dara tojikcha Darbandi Ohanin (yoki Darai Ohanin — «temir darvoza»), Arabcha Bobulabvob yoki Bobulhadid («Temir darvoza»), mo’g’ulcha Qahlug’ («Boburnoma»da) yoki temir Qahlaqa («Jome attavorix»da, xaalga(n) — «darvoza» so’zining buzilgan shakli), o’rta asrlarda turkiyda temir qapig’ deb ham atalgan. Bir vaqtlar bu dara temir darvoza bilan to’silgan degan afsona ham bor. Hindiston bilan Samarqand orasidagi qadimgi karvon yo’li ana shu daradan o’tgan.