CHANGITKICH
CHANGITKICH — o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, g’o’zaning barglarini to’kish (defoliatsiya) maqsadida ularga quruq changsimon moddalar (zaharli dorilar) sepish uchun mo’ljallangan qishloq xo’jalik mashinasi. Xuddi shu maqsadda o’simliklarga suyuq moddalarni sepadigan mashina purkagich deb ataladi. Changitkichning traktorga o’rnatib va yelkaga osib ishlatiladigan turlari bo’ladi. Traktorga o’rnatib ishlatiladigan Changitkich bilan bir yo’la 8 yoki 16 qator o’simlikka (masalan, g’o’zaga) dori sepish mumkin. Asosiy qismlari: ventilyator (yoki dori aralashtirish kamerasi), parrak, dorini to’zituvchi uchlik, ta’minlagich shnek, g’altak va tarelka. Changitkichning ish organlari traktorning quvvat olish validan harakatlanadi. Yelkaga osib yuriladigan Changitkichning asosiy qismlari: ta’minlagichli bunker, qo’lda harakatlantiriladigan ventilyator, to’zituvchi uchlikli nay, yelkaga osish tasmasi. Barcha Changitkichlarning ish tarzi bir xil: ta’minlagich bunkerdagi dorini aralashtirish kamerasiga haydaydi, ventilyator hosil qiladigan havo oqimi uni to’zitkich orqali o’simlikka purkaydi. Changitkichlar bilan g’o’zalar, daraxtlar, toklarga ishlov beriladi.