CHANGLANISH

CHANGLANISH, o’simliklarda — changlarning urug’chi tumshuqchasiga (gulli o’simliklarda) yoki urug’kurtakka (ochiq urug’lilarda) tushishi. Changlanishdan so’ng changdan chang naychasi rivojlanadi; naycha tugunchaga qarab o’sadi. Naycha orqali urug’ hujayralar — spermitlar urug’ kurtakdagi tuxum hujayraga yetib boradi. Urug’langan tuxum hujayradan murtak rivojlanadi. Gulli o’simliklarda chetdan va o’zidan Changlanish sodir bo’ladi. Chetdan Changlanishda bir gulning changdonidagi changlar 2-gul urug’chisi tumshuqchasiga, o’zidan Changlanishda changlar shu gul urug’chisi tumshuqchasiga tushadi. Chetdan Changlanishda hosil bo’ladigan yangi organizm urug’li o’simliklar belgilari kombinatsiyasiga ega bo’lgani uchun o’zidan changlanishga nisbatan biologik ustunlikka ega. O’zidan Changlanish esa tur belgilarining turg’unlashuviga imkon beradi. Ko’pchilik o’simliklar o’zidan changlanadi. Chetdan changlanadigan o’simliklarda biror sababga ko’ra chetdan Changlanish sodir bo’lmaganida (masalan, ob-havo noqulay kelganida) o’zidan Changlanish ro’y beradi. O’simliklarda evolyutsiya davomida chetdan Changlanishga moslashish (gullar va ayniqsa, o’simliklarning ayrim jinsli bo’lishi, ikki jinsli gullarda changdonlar va urug’chining bir vaqtda etilmasligi) paydo bo’lgan. Chetdan Changlanishda hayvonlar (zoofiliya), jumladan, qushlar (ornitofiliya), sut emizuvchilar — ko’rshapalaklar, kemiruvchilar, ayrim xaltalilar (Avstraliyada), lemurlar (Madagaskar orolda) ishtirok etadi. Lekin chetdan Changlanishda hasharotlar (entomofiliya), shamol (anemofiliya) va suv (gidrofiliya) asosiy ahamiyatga ega. Evolyutsiya davomida hayvonlar (asosan, hasharotlar) bilan gulli o’simliklar o’rtasida Changlanishga o’zaro moslashish belgilari (koevolyusiya) sodir bo’lgan. Mingdevona gul qo’rg’oni nayining cho’zilishi bilan uni changlatadigan arvoh kapalak xartumi ham uzayib borgan. Orxideyalar gullari esa ularni changlatadigan hasharotlar urg’ochisiga o’xshash bo’lib qolgan. Orxideyalar va bir qancha boshqa o’simliklar gullarining ochilishi ularni changlatadigan hasharotlar rivojlanishining muayyan davriga to’g’ri keladi. Bir xil o’simliklar (mas, anjir) faqat bir turdagi, boshqalari o’nlab, hatto yuzlab hasharotlar yordamida changlanadi. Anemofiliya, odatda, ochiq yerlarda o’sadigan o’simliklar va ko’pchilik daraxtlar uchun xos. Bunday o’simliklar gullari mayda bo’lib, to’pgulga to’plangan; gullar juda ko’p chang hosil qiladi. Ular barg yozishdan oddin gullaydi yoki to’pgullari barglaridan ancha yuqori ko’tarilib turadi (bug’doydoshlar). Anemofil o’simliklarning to’pgullari kuchsiz shamolda ham tebranib, changini havoga tarqatadi. Suv orqali changlanadigan o’simliklar changlari to’kilgach, suv orqali urug’chi tumshuqchasiga tushadi. Ayrim o’simliklar har xil yo’l bilan changlanadi. Masalan, zubturum hasharotlar va shamol yordamida changlanishi mumkin.