CHAPQIRG’OQ QORASUV KANALI

CHAPQIRG’OQ QORASUV KANALI – Chirchiq daryosining chap sohilidan chiqarilgan kanal (daryo) (Toshkent viloyati). Yuqori Chirchiq gidrouzelidan boshlanib, Shamalak gidrouzeligacha davom etadi. Uzunligi 87 kilometr. Suv o’tkazish imkoniyati 180 metr kub/sekund. Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq, O’rta Chirchiq, Oqqo’rg’on tumanlarida 165 ming gektar yerni sug’oradi. Kanalga ko’pgina soy suvlari kelib qo’shiladi. Eng yiriklari: Juzuruqsoy, Parkentsoy, Samsaraksoy, Qizilsoy. Qorasuv kanali qadimgi kanallardan biri. Bir necha to’g’onli suv olish inshootlari bor. Ularning birinchisi — Nayman to’g’oni (kanalning 59 kilometrda). 1926 yilda qurilgan bo’lib, RK7, RK71, Olg’abos kanallariga suv beradi. 1930-32 yillarda 74 kilometrda Xonto’g’on suv olish inshooti qurildi. Inshoot to’g’on va Morgunenkov nomidagi RK8, RK9 kanallariga suv beradigan taqsimlagichlardan iborat. 1960-70 yillarda kanalning 3, 13, 36 va 56 kilometrlarida yana 4 suv olish uzellari qurildi. 68 kilometrda kanalga Tuyabo’g’iz suv omboridan kanal orqali suv olinadi. Chapqirg’oq Qorasuv kanalining 36 kilometrda I.A. Polvonov nomli Toshkent kanali boshlanadi (sxemasi Toshkent kanalida berilgan).