CHAQIQ JINSLAR

CHAQIQ JINSLAR – cho’kindi tog’ jinslari; turli tog’ jinslari (magmatik, metamorfik yoki cho’kindi tog’jinslari) hamda minerallar (kvars, dala shpatlari, slyudalar, ba’zan glaukonit, vulkan shishasi va boshqalar) bo’laklari, parchalaridan tashkil topgan. Chaqiq jinslarning tsementlashgan, tsementlashmagan va g’ovak turlari mavjud. Tsementlashgan Chaqiq jinslarda karbonatlar (kaltsit, dolomit), kremniy oksidlari (opal, xaltsedon, kvars), temir oksidlari (limonit, gyotit va boshqalar), gilli minerallar va boshqa bog’lovchi material vazifasini o’taydi. Chaqiq jinslarda ko’pincha organik qoldiqlar, mollyuska chig’anoqlari, daraxtlarning tana va shoxlari va boshqalar bo’ladi. Chaqiq jinslar, asosan, strukturali belgi — jins bo’laklari, parchalari, zarralar o’lchamiga ko’ra tasniflanadi: yirik chaqilgan jinslar yoki Psefitlar, zarralarining o’lchami 1 millimetrdan ortiq (tsementlashmagan jinslar: palaxsa, g’o’latosh, chag’ir toshlar, mayda va yirik shag’allar; tsementlashgan jinslar — konglomerat, brekchiya, gravelit va boshqalar); qum jinslar yoki psammitlar, zarrachalarining o’lchami 1-0,05 millimetr (qum va qumtoshlar); changsimon jinslar yoki alevritlar, zarrachalarining o’lchami 0,05—0,005 millimetr (alevritlar va alevrolitlar); gilli jinslar yoki pelitlar zarralarining o’lchami 0,005 millimetrdan kam (gillar, argillitlar va boshqalar) bo’lgan jinslarga ajratiladi. Chaqiq jinslarga vulkan jinslari ham kiradi. Oltin, platina, qimmatbaho toshlar sochmalari, qalay, volfram minerallari, kamyob va radioaktiv elementlar dayo va dengiz qumlarida uchraydi. Chaqiq jinslardan qurilish materiali sifatida, qumdan — shisha va metallurgiya sanoatida foydalaniladi.