CHARCHASH

CHARCHASH, toliqish, horish — organizmga haddan tashqari zo’r kelishi natijasida mehnat qobiliyatining pasayishi bilan kechadigan fiziologik holat. Aqliy Charchash intellektual mehnat mahsuldorligining kamayishi, e’tiborning buzilishi, fikrlashning susayishi va boshqalar bilan belgilanadi. Jismoniy Charchash muskullar kuchi va bir tekisda harakatlanishi kabi funktsiyalarning buzilishi bilan kechadi. O’ta va surunkali Charchash farq qilinadi. O’ta Charchash zo’r berib jismoniy mehnat qilish natijasida ro’y beradi. Surunkali Charchash turli funktsional sistemalar va butun organizmdagi o’zgarishlarning oylar va yillar davomida to’liq tiklanmasligi bilan bog’liq. Charchashning tezligi mehnatning xususiyati bilan belgilanadi: bir tarzda turib muskullarga zo’r keladigan ish bajarilganda kishi ancha tez, bir maromdagi ish bajarilganda birmuncha kam toliqadi. Charchashning yuzaga kelishida odamning bajarilayotgan ishga nisbatan munosabati ham muhim rol o’ynaydi. Ko’pchilik odamlarda emotsional qo’zg’alish davrida uzoq vaqtgacha Charchash belgilari paydo bo’lmaydi. Yetarli dam olmaslik yoki uzoq vaqt haddan tashqari zo’riqib ishlash Charchashga yoki mador qurishiga olib keladi. Aqliy va ruhiy toliqish farq qilinadi. Yosh va nerv sistemasi ma’lum bir tuzilishga ega bo’lgan kishilarda jadal aqliy mehnat nevrozlargya olib keladi. Ruhiy toliqish «yurak hissiyotiga» to’lib toshgan va turli majburiyatlari bo’lgan shaxslarda kuzatiladi. Miriqib uxlash va faol dam olish ish qobiliyatini tez tiklaydi. Og’ir kasalliklarni boshdan kechirgan kishilarda Charchash tez yuz beradi. Arzimagan va uncha uzoq davom etmaydigan zo’riqish ham ularda bosh og’rig’i, harsillash, tez yurak urishi, terlash va quvvatsizlikka sabab bo’ladi. Bunday kishilar mehnat rejimiga va iloji boricha uzoqroq dam olishga qat’iy amal qilishlari zarur. Bolalar organizmining anatomofiziologik xususiyatlariga ko’ra hatto unchalik urinmaganida ham (masalan, go’dak uyqudan qolganida, maktabda partada uzoq o’tirganida) tez charchab qolishi mumkin. Kun tartibining noto’g’riligi, bir turdagi mashg’ulot, ortiqcha o’yinkulgi ham tez Charchashga olib keladi. Bolalarda Charchash belgilari ko’pincha hatti-harakatning buzilishida ko’rinadi: ular toqatsiz, e’tiborsiz, dars vaqtida gaplashadigan, ya’ni intizomsiz bo’lib qoladilar. Ba’zi hollarda, ayniqsa, kasalliklarni boshidan kechirgan bolalar bo’shang, sustkash, xorg’in, kuchsiz bo’lib, fikrlaganda bosh og’rig’i sezadi. Charchash ba’zan boshdan kechirilgan kasallikning oqibati emas, balki uning boshlang’ich belgisi bo’lishi ham mumkin. Bolada boshdan kechirilgan kasallikka yoki aqliy va jismoniy zo’riqishga bog’liq bo’lmagan tez charchab qolish hollari yuz berganida, albatta, vrachga murojaat etish lozim. Ish qobiliyatini uzoq vaqtgacha saqlab qolishning ta’sirli vositalaridan biri — mehnat faoliyatining aniq maromda bo’lishidir. Tez Charchashni oldini olishda mehnat va dam olishni to’g’ri yo’lga qo’yish, ish kuni davomida qisqa muddatli tanaffuslar tashkil qilish, shuningdek, ish joyini tartibga solish, va o’zini sal horigan his qilganda, charchog’ini yozadigan mashqlar bajarishga muhim e’tibor berish zarur. Bolalarda tez charchab qolishning oldini olish uchun ularning kun tartibi maromining buzilishiga yo’l qo’ymaslik (to’yib uxlashiga, ish og’irlik qilmasligiga, ish bilan mashg’ulotni to’g’ri navbatlashtirishga, ularning ochiq havoda uzoqroq bo’lishiga imkoniyat tug’dirish) kerak.