CHASHMAI AYYUB

CHASHMAI AYYUB – Buxorodagi me’moriy yodgorlik (11-asr, 1380). Muqaddas ziyoratgoh binosi to’g’ri to’rtburchak tarhli (19×26 metr) bo’lib, g’arbdan sharqqa cho’zilgan 4 xonadan iborat, har bir xona bir-biriga o’xshamagan gumbazlar bilan qoplangan. Dastlab eng qadimgi xona — murabba tarhli (4,5 x 4,5 metr) quduqxona bunyod etilgan (Arslonxon tomonidan Minorai Kalon va Namozgoh masjidi bilan bir davrda qurilgan degan rivoyatlar saklangan), uning ikki yonida ziyoratchilar uchun o’z vaqtida 2 eshigi bo’lgan; old tomoniga toqli xona (4,5×4,5 metr) tutashtirib qurilgan, u binoga peshtoq vazifasini o’tagan, qo’sh gumbazli, oldi peshtoqli. Ziyoratxona devorida Amir Temur farmoyishiga binoan 1379 yilda unga taqab kulohiy gumbazli katta xona, burchaklarida minoralari bo’lgan daxliz qurilganligi yozilgan. Binoning qadimgi qismi ichkarida qolgan. Rivoyatlarga ko’ra chashmaquduq Ayyub payg’ambar qadamjoyi.