«CHATQOL» SANATORIYSI

«CHATQOL» SANATORIYSI – tog’ iqlimiy kurort. Toshkent shahridan 55 kilometr uzoqlikda, Chirchiq daryosining chap sohilida, dengiz sathidan 610 metr balandlikda joylashgan. Shimoli Sharq va Janubdan G’arbiy Tyanshanning Ugom, Piskom, Chatqol va Qurama tog’ tizmalari o’rab turadi. Maydoni 12,5 gektar. «Chatqol»sanatoriyasi 1975 yilda tashkil etilgan, O’zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo’mitasiga qarashli tibbiy sog’lomlashtirish maskani. Iqlimi quruq tog’ havosi, yozi jazirama emas, kishi iliq. Yillik o’rtacha temperatura 11,5°, havoning nisbiy namligi 50-60%. Yil davomida 800 millimetr yog’ingarchilik bo’ladi. Chirchiq daryosi yaqinligi tufayli vujudga keladigan gidroaeroionizatsiya va quyoshning to’liq nuri dam oluvchilar uchun qulay sharoit tug’diradi. Davolash omili kislorodga boy musaffo tog’ havosi. Sanatoriyda geologiya sohasida ko’proq kuzatiladigan kardionevrologik, yuraktomir, me’da ichak va tayanch harakat a’zolari kasalliklari bilan og’riganlar davolanadi. Sanatoriy yaxshi ko’kalamzorlashtirilgan. Hududidan mineral suv chiqqan. Tarkibida kaliy, natriy, magniy, kaltsiy, xlor kabi kimyoviy elementlar, shuningdek, gidrokarbonat, kremniy kislotasi va boshqalar bor. Mineral suvdan, asosan, vannalar uchun, me’dani yuvish, ichaklarni chayish, ichishdyubaj, dush, suv osti massaji kilitshda foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapevtik (davolash badan tarbiyasi, massaj) va balneoterapevtik (tsirkulyar dush, sharko dush) muolajalar bilan davolash usullari ham qo’llanadi. Sanatoriyda Sharq tabobati — giyoxlar bilan davolash hamda parhez bilan ovqatlanishga qat’iy rioya etiladi. 250 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpusi, klub, kutubxona, sport maydonchalari, choyxonalar mavjud (2004).