CHAVGON

CHAVGON (forscha — uchi egri tayoq) — otda o’ynaladigan jamoaviy sport o’yini. Qad. Sharqda Chavgon chorvadorlar o’yini sifatida paydo bo’lgan. Keyinroq otliq askarlarning mashg’ulotiga aylangan. Sharq xalqlari Chavgon to’pini «go’y», egri tayog’ini «chavgon» deyishgan. Shu bois bu o’yin «go’ychavgon» deb ham atalgan. Bu tarixiy qo’lyozmalarda o’z ifodasini topgan. Maxmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk», Yusuf xos Hojibning «Qutadg’u bilig», Abdurazzoq Samarqandiyning «Majlai sa’dayn va majmai Bahrayn», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari va boshqa manbalarda Chavgon o’yiniga oid kimmatli ma’lumotlar bor. Ayniqsa, Abdulqosim Firdavsiyning «Shohnoma», unsur almaoliyning «Qobusnoma» asarlarida Chavgon o’yini mufassal berilgan. 16-asr miniatyura maktabiga mansub noma’lum musavvirning «chavgon o’yini» asarida bu o’yinning qizg’in lahzasi tasvirlangan. Abu Abdulloh Rudakiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy Chavgon o’yinidan ilhomlanishgan va ajib o’xshatishlar yaratishgan. Bu an’ana Sharq adabiyotida hamon davom etib keladi. Yozuvchi Primqul Qodirovning «Humoyun va Akbar» tarixiy romani Boburiy malikalarning Chavgon o’yiniga tayyorgarligini tasvirlashdan boshlanadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Chavgon o’yini aynan Boburiylar saltanati davrida Hindistonda keng ommalashgan. 1850 yilda Hindistonda xizmat qilayotgan ingliz otliq askarlari Chavgon o’yiniga qiziqib qolishgan va dastlabki musobaqalarni o’tkazishgan. 1871 yilda Buyuk Britaniyada Chavgon (Polo) musobaqasi tashkil qilingan. Shu tariqa Chavgon oldin Yevropa, keyin Amerika davlatlariga tarqalgan. 1900, 1904, 1920, 1924 va 1936 yillarda bo’lgan Olimpiada o’yinlari dasturidan ham joy olgan. Zamonaviy Chavgon o’yini (hozirgi ko’plab davlatlarda «Polo» deb ataladi) maydonning o’lchami 274×182 metr, yog’ochdan tayyorlanadigan to’pining diametri 8 santimetr, og’irligi 120— 135 gramm, ikki yondagi darvozalarining eni 8 metrdan, o’yin vaqti 56 minut (7 minutdan 8 bo’lim). Musobaqalashayotgan ikki jamoadagi 4 tadan otliq o’yinchi qo’llaridagi uchi egri tayoq (klyushka) yordamida to’pni raqib darvozasiga kiritishga harakat qiladi. O’yinchilarga uchrashuv davomida otlarini o’zgartirishlariga ruxsat etiladi. Hozirgi kunda Chavgon o’yini Frantsiya, Argentina, AQSh, Meksika, Buyuk Britaniya, Italiya davlatlarida rivojlangan. Asror Mo’minov.