CHEGARA QO’SHINLARI

CHEGARA QO’SHINLARI (ba’zi davlatlarda chegara qo’riqchilari, chegara soqchilari) — davlatning quruqlikdagi, dengiz va daryo (ko’l)dagi chegaralarini himoya qilishga mo’ljallangan qo’shinlar. Chegara qo’shinlari davlatlar va ular orasida chegara ayirish yuzaga kelgan qadimgi davrlardayoq ma’lum shaklda mavjud bo’lgan. Ba’zi davlatlar uz chegaralarida mudofaa devorlari barpo etgan. Mazkur mudofaa devorlarining har joylar joyida qo’shin (chegara garnizoni) turadigan qo’rg’onlar qurilgan. Bu qo’shinlar viloyat darvozalarini qo’riqlash, inshootlarni kuzatish, dushman hujum qilgan takdirda mamlakat ichkarisiga bu haqda xabar berish singari vazifalarni bajarganlar. O’zbekiston Respublikasida Chegara qo’shinlari mamlakat chegarasining dahlsizligini ta’minlaydi, davlat chegarasining qonunsiz buzilishiga qarshi kurashadi. Chegara qo’shinlari zamonaviy harbiy texnika vositalari bilan qurollantirilgan. Chegara qo’shinlarini, asosan, chegarachilar harbiy o’quv yurtlari zobit kadrlar bilan ta’minlab turadi. Chegara qo’shinlariga O’zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini himoya qilish qo’mitasi mutasaddilik qiladi.