CHEK YER

CHEK YER — o’tmishda yerdan foydalanish shakllaridan biri. O’rta Osiyoda 20-asrning boshlariga qadar o’troq hayot kechiradigan qishloq jamoalariga qarashli, foydalanuvchilarga har yili taqsimlab beriladigan qishloq xo’jalik yerlari. Chek yerning unumdorligi, tekis-qiyaligi jihatidan farqlanadigan paykallari, xususiy mulk bo’lmagan suvli va lalmi yerlardan iborat bo’lib, jamoaning o’z yer-mulkiga ega bo’lgan yoki yersiz xonadonlariga qo’shimcha dehqonchilik qilish uchun har yili bahorda oilasi va qo’shho’kizi soniga (yerni eka olish quvvatiga) ko’ra muayyan tanoblarda qur’a tashlash yo’li bilan («chekiga tushganiga qarab») ajratib berilgan. Dehqonchilik yili tugaganidan keyin yanagi yili bahorda paykallar foydalanishga yana qayta taqsimlangan.