CHEKLILIK VA CHEKSIZLIK

CHEKLILIK VA CHEKSIZLIK (falsafada) — narsa va hodisalarning qarama-qarshi tomonlarini ifodalovchi tushunchalar. Cheklilik — fazo va vaqtda o’z ibtidosi va intihosi bo’lgan aniq, chegarali ob’yektlar (narsa, jarayon, hodisa, holat, xususiyat va shu kabilar) ni anglatadi. Cheklilik chegarasi ob’yekt intihosini boshqa ob’yektdan ajratib turadi va ularni bir-biriga bog’laydi. Cheklilik doim o’zgarishda, harakatda. Voqelikdagi har bir bilish ob’yekti muayyan munosabatda, cheklilik sifatida namoyon bo’ladi. Cheksizlik — materiya va uning turli xususiyatlariga xosdir. U dunyoning fazo va vaqtda benihoyaligini anglatadigan tushuncha. Har qanday narsa va hodisalar cheklidir, chunki u boshqa predmet va hodisalardan mustaqil holda mavjud bo’lib, fazo va vaqtda ma’lum ko’lamni egallaydi. U o’zini qurshab olgan dunyo bilan tinimsiz aloqada bo’lganligi uchun cheksizdir. Har qanday chekli narsa — cheksizlikning yuz berishi shaklidir. Ilm-fan cheklili ob’yektlarini bilish orkali cheksizlikni ochib berishga yaqinlashadi.