CHEREMUXA

CHEREMUXA (Padus) — ra’nodoshlar oilasiga mansub daraxt yoki butalar turkumi. Bo’yi 2-17 (20) metr, diametri 40 santimetr. Shox-shabbalari keng, qalin, egilib turadigan poyasining po’stlog’i kulrang-qora, yosh novdalariniki ochiq yashil yoki qiziljigarrang, yaltiroq. Bargi 5-15 santimetr. Gullari xushbo’y, hidli, 8-12 santimetr uzunlikdagi shingilga to’plangan. Mevasi danakli, bir urug’li, sharsimon qora, yaltiroq, shirin rezavor. May—iyun oylarida gullaydi. Bargi, po’stlog’i, guli, mevasi va urug’ida amigdalin glyukozidi bor. Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoda tarqalgan. 20 turi ma’lum. Shulardan oddiy Cheremuxaning (P.racemosa) ahamiyati katta. O’zbekistonda oddiy Cheremuxa va Virgin Cheremuxa manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Po’stlog’idan yashil va qo’ng’ir bo’yoq olinadi. Mevasida olma, limon kislota va 5% qand, bargida vitamin S va efir moyi — prunozin bor. Mevasi iste’mol qilinadi va ichimliklar tayyorlashda ishlatiladi, shuningdek, ichburug’ga qarshi dori tayyorlanadi.