CHERNIKA
CHERNIKA (Vaccinium) — erikadoshlarga mansub buta yoki yarim butalar turkumi. 200 dan ortiq turi bor. Yevrosiyo va shimoliy Amerikaning o’rta va sovuq iqlim sharoitlarida, Kavkaz, G’arbiy va Sharqiy Sibir hamda uzoq Sharqda tarqalgan. Oddiy Chernika (V. myrtillus) turi AQSh va G’arbiy Yevropa mamlakatlarida ekiladi. Bo’yi 15-40 santimetr. Ildizi uzun, tarqoq. Gullari ochyashil, gulbandlarida yakka-yakka joylashgan. May—iyunda gullaydi. Chetdan changlanadi. Mevasi iyul-avgustda yetiladi, tarkibida 12% oshlovchi modda, 44 mg% S vitamini, qand, limon va olma kislotasi, bo’yoq moddalari, siydik va qonda qand miqdorini kamaytiruvchi neomirtillin glikozidi bor. Yangi mevasidan kisel, vino, likyor va boshqalar tayyorlanadi. Tibbiyotda Chernikaning quritilgan mevalaridan ich ketishini qoldiruvchi vosita sifatida foydalaniladi. Oq qarag’ay, qarag’ay, eman, qayin, kashtan o’rmonzorlarida, tundra, o’rmon tundra, tog’larda usadi. Tabiiy holda ildizpoyasidan ko’payadi.