CHERNYAEV MIXAIL GRIGOREVICH
CHERNYAEV MIXAIL GRIGOREVICH [1828.21.10(3.11) 1898.4(16).8, Tubishki qishlog’i, hozirgi Belorussiyaning Mogilyov viloyati] — rus mustamlakasi harbiy arbobi, general-leytenant (1882). Dvoryan oilasida tug’ilgan. Harbiy akademiyani tugatgan (1853), Krim va Kavkaz urushlarida qatnashgan. 1864-65 yillarda alohida G’arbiy Sibir otryadiga qo’mondonlik qilib Qo’qon xonligiga qarashli Avliyoota, Chimkent va Toshkentni bosib olgan va Rossiya imperiyasi tarkibida yangi tashkil etilgan Turkiston oblasti harbiy gubernatori etib tayinlangan. Toshkent Rossiyaning keyinroq O’rta Osiyo xonliklarini bosib olishi uchun tayanch punktiga aylantirilgan. Mansabini suiiste’mol qilgani uchun 1866 yil iste’foga chiqarilgan. 1873 yildan (1878 yilgacha) harbiy publitsist R.A. Fadeyev bilan hamkorlikda Peterburgda «rus dunyosi» («Russkiy Mir») konservativ millatchilik ruhidagi gazeta nashr qildirgan. Gersegovina-Bosniya qo’zg’oloni (1875— 78) boshlanganda rus hukumatining istagiga qarshi, yashirin ravishda Belgradga ketgan (1876) va serblar armiyasiga qo’mondon etib tayinlangan. Bu armiya Serbiya va Chernogoriyaning Turkiya bilan bo’lgan urushida mag’lubiyatga uchragan (1876). 1877-78 yillardagi Rossiya—Turkiya urushi boshlanganda Chernyaev Mixail Grigorevich harbiy xizmatga jalb qilingan, biroq harakatdagi armiyada bironbir mansabga tayin etilmagan. 1882-84 yillarda Turkiston general-gubernatori. 1886 yildan iste’foda. Chernyayev Toshkentni bosib olishda xam, gubernatorlik faoliyati davrida ham Rossiya hukumatining mustamlakachilik siyosatini izchil amalga oshirishga harakat qilgan.