CHIBCHA TILLARI
CHIBCHA TILLARI — indeys tillari guruhi (oilasi); Markaziy va Janubiy Amerikaning Gonduras, Kostarika, Nikaragua, Panama, Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru (qisman) kabi mamlakatlarida tarqalgan. O’tgan asr oxiridagi ma’lumotlarga ko’ra, Chibcha tillarida 635 mingdan ortiq kishi so’zlashadi. Bir qancha olimlar tomonidan turlicha tasnif etilgan. Masalan, chexbrazil olimi Ch. Loukotka tasnifiga ko’ra, Chibcha tillari 60 dan ortiq tilni va sheva guruhlarini o’z ichiga olgan 20 ta guruhchaga bo’linadi (chibcha, Esmeralda, karake, yaruro, rama, malchora, guatuzo, getar, terraba, kabekar, chumula, gualaka, kuna, chochama, Malibu, mokana, timana va boshqalar). Chibcha tillarida 20 dan ortiq undosh tovush bo’lib, ular portlovchi, sirg’aluvchi va qorishiq turlarga bo’linadi. Undoshlar orasida sonorlar ham anchagina (ba’zi tillarda 8 taga etadi). Unlilar asosan 5 ta, lekin ularning umlautli va burun variantlari ham uchraydi. Urg’u so’zning istalgan bo’g’iniga tushishi mumkin. Morfologiyasi agglyutinativ qurilishga ega. Otlarda son (birlik, ko’plik) va kelishik (6 tagacha) kategoriyalari mavjud. Sodda gaplardagi so’z tartibi ega — to’ldiruvchi — kesim tarzidadir. Otdan ifodalangan aniqlovchilar aniqlanmishdan oldin, sifatdan ifodalanganlari esa aniqlanmishdan keyin keladi. Ular orasida moslashuv mavjud emas. Chibcha tillari kam o’rganilgan, faqat asl chibcha boshqa tillarga nisbatan yaxshiroq tadqiq etilgan: ushbu tilning Bernan do Lugo, tomonidan yozilgan ilk grammatikasi 1619 yilda Madridda nashr etilgan. 17-20-asrlarda Chibcha tillari bo’yicha missionerlar tomonidan tuzilgan ko’plab grammatika va lug’atlar nashr qilinmay qolgan.