CHIG’ATOY ULUSI

CHIG’ATOY ULUSI – Chingizxon tomonidan 2-o’g’li Chig’atoy va uning merosxo’rlariga hukmronlik uchun berilgan (1224) hududning nomi. Chig’atoy ulusi Qashqar, Yettisuv va Movarounnahr yerlarini o’z ichiga qamrab olgan. Ko’chmanchilik bilan shug’ullanuvchi mo’g’ullarning o’troq aholini boshqarish tajribasi yo’kligi bois Chig’atoyxon o’ziga tegishli ulusni boshqarishni avval xorazmlik Maxmud Yalavochga, so’ngra uning o’g’li Mas’udbekka (1238-89) topshiradi. O’zi esa umrining oxirigacha ukasi O’ktoy qoon saroyida bosh maslahatchi tarzida faoliyat ko’rsatadi. Chig’atoy ulusidan olinadigan daromadlarning asosiy qismi Horaqurumga jo’natilgan. Qolgan qismini mahalliy aholidan tayinlangan oliy hokim ulus ehtiyojlari hamda qo’shin xarajatlari yo’lida sarf qilish huquqiga ega bo’lgan. Chig’atoy ulusida ham Chingizxon barpo etgan mo’g’ullar davlatidek mehnatkash omma nafaqat mo’g’ul bosqoqlari, dorug’alari, balki mahalliy zodagonlar va oqsuyaklar tomonidan ham ezilgan. Dehqonlar, hunarmandlar, kosiblar, chorvadorlar ilgaridan mavjud bo’lgan soliqlardan tashqari mo’g’ullar joriy qilgan yangi soliq va o’lponlarni to’lashga majbur edi. Oxir-oqibat Chig’atoy ulusining qishloq va shaharlarida mo’g’ullarga va yerlik zodagonlarga nisbatan noroziliklar kuchaygan, qo’zg’olonlar bo’lib o’tgan. Chig’atoy vafotidan so’ng mangu qoon va Botuxon Chig’atoy ulusini mulk sifatida tugatib, uni tuli va Jo’ji vorislari o’rtasida taqsimlashga kelishib olishgan. 1251 yil imperiya poytaxti Qoraqurumda bo’lib o’tgan qurultoyda mangu qoon etib saylangach, Chig’atoy xonzodalarning ko’pchiligi O’ktoy qoon avlodlari qatori qatl qilingan. Chig’atoy ulusini mangu qoon va Botuxon bo’lishib olganlar. Movarounnahr Botuxonga qaram bo’lib qolgan. 13-asrning 60-yillarida Chig’atoyning 6-farzandi Baydarning o’g’li Olg’u (1261-65) chig’atoylar hokimiyatini qayta tiklashga erishadi. Olg’u vafot etgach, uning vorislari — Muborakshoh va Baroqxon mahalliy aholi bilan yaqinroq munosabatda bo’lish maqsadida musulmon dinini qabul qilganlar. 1266 yil Chig’atoy ulusi xoni qarorgohi Yettisuvdan Movarounnahrga — Ohangaronga ko’chiriladi. Baroqxon hukmronligi vaqtida Xaydu ko’rsatmasiga muvofiq Mas’udbek tomonidan Buxoro qayta tiklanadi. Farg’ona vodiysida yangi shahar — Andijonga asos solinadi. Kebakxon (1318-26) davrida qarorgoh Qashqadaryoga ko’chiriladi, qadimgi Nasaf yaqinida qarshi shahri barpo etiladi. Ulus Erondagi kabi ma’muriy birliklar hamda soliq undiriluvchi tumanlarga (Farg’ona va Qashqarda — o’rchin) taqsimlanadi, yagona pul birligi — kebakiyga o’tiladi. Ammo mo’g’ul mulklarini birlashtirish va markazlashtirish maqsadida o’tkazilgan ma’muriy va moliyaviy islohotlar siyosiy tarqoqlikka barham berishga qodir emas edi. 14-asr o’rtalarida Chig’atoy ulusi Movarounnahr va Mo’g’ulistonta bo’linib ketgan. 1370 yil Movarounnahrda Amir Temur saltanatining o’rnatilishi chig’atoiylar hokimiyatiga barham berdi. Ad.: Rashid addin, Sbornik letopisey, t.Dkn.2), t.2, M.L., 1952,1960; Bartold V.V., Sochineniya, t.2(ch.2), M, 1964; Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1996;Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; O’zbekiston xalqlari tarixi, 1J., T., 1992. Hamidulla Dadaboyev.