CHIG’ATOYLAR

CHIG’ATOYLAR – 13-asr 2-yarmi 16-asr boshlarida Movarounnahr aholisi nomi. Chingizxonnning o’g’li — Chig’atoy nomi bilan bog’liq. Ma’lumki 13-asr boshlarida Movarounnahr Chig’atoy ulusi tarkibiga kirgan. Bu davrda (13-14-asrlar) «Chig’atoy» atamasi dastlab Chig’atoy atrofidagi aslzodalar, qo’shini va ularning avlodlarini anglatgan. 14-asrda ko’chmanchi va o’troq turkiy aholining aralashuvi natijasida yangi elat shakllangan. Keyinchalik 15-asrda Movarounnahr va Sharqiy Turkistonning turkiy aholisi Chig’atoylar deb atalgan. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida Movarounnahrning turkigo’y va forsigo’y o’troq aholisi Chig’atoylar deb ataldi. 16-17-asrlarda Movarounnahrning o’troq turkiy aholisining katta qismi o’zbek nomini qabul qildi. 18-asr manbalarida Boburiylar saltanatining qo’shini Chig’atoylar deb atalgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Chig’atoylarning ma’lum qismi turkigo’y bo’lsa, qolgani forsigo’y bo’lgan. Lekin, ularning ko’pchiligi 2 til — turkiy va forsiyda erkin so’zlashgan. 20-asr boshlarida O’zbekiston va Tojikistonning janubida Shayboniyxon yurishlarigacha yashagan aholi avlodlariga nisbatan Chig’atoylar atamasi ishlatilgan. 20-asr boshlarida Chig’atoylarning asosiy qismi hozirgi O’zbekistonning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida va Tojikistonning Janubda yashagan. Chig’atoylarning ma’lum guruhlari O’zbekistonning Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda shimoliy Afg’oniston va Pokistonda ham yashagan. Ad.: Karmisheva B.X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnix rayonov Tadjikistana i Uzbekistana, M., 1976.