CHIG’IR

CHIG’IR — 1) yuklarni ko’tarish yoki siljitish uchun mo’ljallangan mashina; barabanga o’raladigan po’lat arqon (kanat) yordamida amalga oshiriladi. Harakatlantirish turiga ko’ra, dastaki yoki mashina (elektr dvigatel, ichki yonuv dvigateli va boshqalar) bilan harakatlanadigan, o’rnatilishiga ko’ra muqim (statsionar) va ko’chma xillarga bo’linadi. Chig’ir harakatlantiruvchi qism, reduktor, baraban, tormoz va yuk ko’taradigan egiluvchan element (kanat yoki zanjir) dan iborat. Yuk ko’taruvchanligi 250 kilogrammdan 20 tonnagacha, yuk ko’tarish tezligi 0,5—1 metr/sekund. Chig’ir yuklarni ko’tarish, tushirish, ayrim hollarda gorizontal yo’nalish bo’yicha tashishda ishlatiladi. Chig’irdan ko’tarishtashish mashinasi yoki murakkab kranlarning ko’tarish mexanizmi sifatida foydalanish mumkin; 2) suv sathi sug’oriladigan yer sathidan pastda bo’lgan joylarda suvni yuqoriga ko’tarib beradigan qadimgi eng oddiy gidravlik moslama; uy hayvonlari, odam yoki oqar suv kuchi bilan harakatga keltirilgan. Qadimda Misr, Hindiston, Xitoy, O’rta Osiyo va boshqa o’lkalarning sug’orish tizimlarida qo’llangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, oqar suv kuchi bilan harakatlantiriladigan Chig’ir O’rta Osiyoda (ayniqsa, Xorazmda) 9— 11-asrlarda keng tarqalgan.