CHIMYON ZILZILASI

CHIMYON ZILZILASI – 1982 yil 6 may kuni Farg’ona vodiysining Chimyon shaharchasi atrofida ro’y bergan. Avvaliga portlashga o’xshash tovush eshitilgan va bir zumda yer qattiq silkinib, hamma joyda changto’zon ko’tarilgan. Tog’larda o’prilish, ko’chki va tosh ko’chish jarayonlari boshlangan. Zilzila markazi Langar qishlog’ida (Oxunboboev tumani) bo’lib, kuchi 7-8 ballga yetib, magnitudasi 5,8 bo’lgan. Zilzila o’chog’ining chuqurligi 20 kilometr. Langardagi ko’plab uylar shikastlangan, ayniqsa, guvala va paxsadan qurilganlari buzilgan. Hamza va Vodildagi 2 qavatli g’ishtli imoratlarda kattakichik yoriqlar paydo bo’lgan, eshik va romlar o’rnidan qo’zg’algan, tomlardagi pechka mo’rilari buzilib ketgan. Bu joylarda tebranishlar kuchi 7 ballga yetgan, shuningdek, Farg’onada 6 ball, Andijonda 5-6 ball, Namanganda 5 ball, Toshkentda 4 ball bilan sezilgan. Zilzila izoseystlari Janubiy Farg’ona seysmogen zonasining yo’nalishiga mos kelgan. Yer qimirlash episentri avvaldan kuchli zilzilalar bo’lishi ehtimoli bor joy deb belgilab qo’yilgan seysmogen zonada sodir bo’lganligi, o’zbek seysmologlarining bashoratini tasdiqladi.