CHINNI

CHINNI (chin so’zidan) — suv, gaz va elektr o’tkazmaydigan, o’tga chidamli, jarangdor, asosan, oq rangli (yupqasi yorug’lik o’tkazadigan) mahsulot; keramikaning nafis turi. Maxsus tuproq (Chinni gili), kaolin, kvars, dala shpati va boshqa xom ashyolar aralashmasidan tayyorlanadi. Chinnidan ro’zg’or buyumlari (choynak, piyola, kosa, likopchalar, laganlar), bezak buyumlari (guldon, haykalcha va boshqalar), me’morlik detallari, sanitariya-gigiena buyumlari ishlanadi, kislotalar ta’siriga chidamli (ftorid kislotadan tashqari) bo’lganidan kimyo sanoatida, elektr o’tkazmasligi tufayli radiotexnika va elektrotexnikada foydalaniladi. Sifati jihatdan nafis Chinni (turkcha Farfur, forscha — fag’fur; eng sifatli Chinni tayyorlangan qadimgi Xitoy viloyatining nomi), dag’al Chinni. (fayans, italyancha — Faents; yirik keramika markazi bo’lgan shaharning nomi), texnik, xo’jalik, sirlangan va sirlanmagan Chinni farqlanadi. Nafis Chinnining suvni singdirishi 0,5% gacha. Dag’al Chinni nafis Chinniga nisbatan serg’ovakligi, suvni ko’proq singdirishi (9-12% gacha) bilan farq qiladi, shuning uchun ham u sirlanadi. Nafis Chinni ham, dag’al Chinni ham bir xil xom ashyolardan tayyorlanadi (tarkibi: oq gil va kaolin 45— 50%, kvars qumi 25-35%, dala shpati 12 — 25%, bo’r 0 -10%, chinni siniqlari 5-15%), faqat tayyorlash texnologiyasi har xil bo’ladi. Chinnining qattiq va yumshoq turlari ham bor. Idishlar yasashda, texnika va sanoatda qattiq Chinni ishlatiladi, badiiy va bezak Chinni mahsulotlari yumshoq Chinnidan tayyorlanadi. Qattiq Chinni yumshoq Chinniga nisbatan chidamliroq, xom ashyosi tarkibida tuproq ko’proq (45— 60%) bo’ladi, shuning uchun ham yumshog’iga nisbatan yuqori temperaturada (yumshog’i 1300° gacha, qattig’i 1450° gacha) pishiriladi. Chinni mahsulotlari sirlanib, bo’yalib, gular solinib yoki gul bosilib ishlab chikariladi. Xitoyda 4-6-asrlarda chinnisozlik san’ati yuksak darajaga ko’tarilgan, Chinnining tarkibi va tayyorlash texnologiyasi sir saqlangan. 11 — 14-asrlarda Eron, 16-asrda yapon Chinnisi shuhrat qozondi. 16-asrda Yevropada (Florentsiya, Frantsiya, Gollandiya, Angliyada) ilk Chinni buyumlari paydo bo’ldi, dastlabki Chinni zavodi 1710 yilda Maysenda, 1717—18 yillarda Venada, 1744 yilda Peterburgda qurildi. Daniya (Kopengagen), Shvesiya (Marieburg), Gollandiya (Been, Gaaga), Belgiya (turne), Shveytsariya (Syurix), Chexiya (Slavkov, Klashteres) badiiy Chinnisi shuxrat qozondi. 18-asr va 19-asrda Chinnidan bezak mahsulotlar va badiiy buyumlar yasalgan. 20-asr boshlaridagina Chinni sanoat miqyosida ishlab chiqarila boshlagan. O’rta Osiyoga Chinni qadimdan Xitoy va Erondan, keyinchalik Rossiyadan keltirilgan. Mahalliy kulollar (ayniksa, Rishton kulollari) sopolning Chinniga yakin xillarini ishlashgan. O’zbekistonda Chinni sanoati 20-asr 50-yillarida yuzaga keldi, birinketin Toshkent, Samarqand, Quva, Angren shaharlarida Chinni zavodlari qurildi.