CHINNI-FAYANS SANOATI

CHINNI-FAYANS SANOATI – chinni, fayans va boshqa nafis keramika mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoat tarmog’i. Uy-ro’zg’orda ishlatiladigan chinni buyumlar va badiiy chinni mahsulotlar, fayans, yarim chinni va mayolika mahsulotlari ishlab chiqarishni qamraydi. Chinni-fayans sanoati mahsulotlari ro’zg’orda, ayrim sanoat tarmoqlarida keng qo’llaniladi. Chinni idishlar tayyorlash qadimgi Xitoyda 4-6-asrlarda paydo bo’ldi. Yevropada birinchi chinni zavodi 1710 yilda Meysen (Germaniya)da, Rossiyada 1744 yilda qurilgan. O’zbekistonda Chinni-fayans sanoati, asosan, 20-asrning 50-yillaridan rivojlana boshladi. Unga qadar O’rta Osiyoga chinni buyumlar qadimdan Xitoy va Erondan, 19-asrning 2-yarmidan boshlab Rossiyadan keltirilgan. Ro’zg’orda, asosan, mahalliy kulollar tayyorlagan sogyul idishlar (piyola, kosa, lagan, xum, xurmacha, chiroqdon va boshqalar) dan foydalanilgan. 1952 yilda Toshkent chinni zavodida milliy bezakli chinni buyumlar ishlab chiqarila boshladi. 1970 yilda yillik ishlab chiqarish quvvati 22 million dona mahsulot bo’lgan Samarqand chinni zavodi, 1978 yilda yillik ishlab chiqarish quvvati 29 million dona mahsulot bo’lgan Quvasoy chinni zavodi ishga tushirildi. 1967 yilda Angren keramika kombinati ishga tushirilishi bilan respublikada turli xil fayans va chinni plitkalar va sanitariya-qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 20-asrning 70-yillari o’rtalarida O’zbekiston Chinni-fayans sanoatida 40,5 million dona chinni mahsulotlar (shu jumladan, 0,44 million dona sanitariya-qurilish buyumlari) ishlab chiqarildi. Respublika Chinni-fayans sanoati korxonalarida aholi ehtiyojlari uchun milliy uslubdagi chinni buyumlar (piyola, choynak, kosa, tarelka, lagan, ko’za, sovg’abop to’plamlar), qurilishda ishlatiladigan fayans plitkalar chiqariladi. Tarmoqda «O’zbekyengilsanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradigan korxonalar: Abdurauf Ibrohimov nomidagi «Toshkent chinni zavodi» aktsiyadorlik jamiyati, Samarqand «Nafis» aktsiyadorlik jamiyati, «Quvasoy chinnisi» aktsiyadorlik jamiyati. 2003 yilda tarmoq korxonalarida 44 million dona chinni mahsulotlari ishlab chiqarildi. Chinni buyumlar chet ellarga eksport qilinadi. «Oq oltin», «Tong», «Uzum», «Tovus», to’plamlari xalqaro ko’rgazmalarda oltin medallar bilan taqdirlangan. Xorijiy mamlakatlardan Xitoy, GFR, AQSh, Frantsiya, Yaponiya, Chexiya va boshqalarda Chinni-fayans sanoati taraqqiy etgan. Germaniyada «Rozental», «Xuchenroyter», Frantsiyada «Bernardo», «Dyupe», Buyuk Britaniyada «Uejvud», Yaponiyada «Noritake» tarmoqdagi eng yirik va tarixiy an’analariga ega bo’lgan firmalar hisoblanadi. Ad.: Amindjanova M, Sayko E., Keramika, steklo i farfor v Sredney Azii, T., 1968; texnologiya farforovogo i fayansovogo proizvodstva, M., 1975.