«CHINOBOD» SANATORIYSI

«CHINOBOD» SANATORIYSI – ovqat hazm qilish a’zolari (me’da, ichak, jigar va o’t pufagi) kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan tibbiy sog’lomlashtirish maskani. Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan. Sanatoriy hududi 1938 yilda paxta tozalash zavodlari ishchilarining dam olish zonasi bo’lgan, 1941 yil evakuatsiya qilingan gospital joylashtirilgan, 1946 yil sanatoriyga (75 o’rinli) aylantirilgan. «Chinobod» sanatoriyasining hozirgi maydoni 19 gektar, atrofi mevali va manzarali daraxtlar bilan ko’kalamzorlashtirilgan. 1963 yil sanatoriy hududida 1554 metr chuqurliqsan burg’i qudug’i orqali Toshkent mineral suvi chiqarilgan. Sanatoriy 370 o’rinli, unda davolash va diagnostika bo’limlari, jumladan, shifobaxsh mineral suv, balchiq, ozokerit va elektr bilan davolash bo’limlari, badan tarbiya zali, aerosolyariy, ingalyatoriy, rentgen, rektoromonoskopiya, stomatologiya xonalari, biokimyo, bakteriologiya va klinik lablari bor. Mineral suvdan asosan vannalar uchun, ichish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush, suv osti massaji qilishda foydalaniladi. «Chinobod» sanatoriyasi me’da va 12 barmoq ichakni tekshiradigan zamonaviy tibbiy tekshiruv asboblari bilan jihozlangan. 1997-98 yildan sanatoriyning davolash ixtisosligi kengaytirildi: qandli diabet, ginekologiya, urologiya, andrologiya bo’limlari faoliyat ko’rsata boshladi. 1999 yildan fol akupunktura diagnostikasi joriy etildi, bunda biologik faol nuqtalar (BFN) va kompyuter yordamida aniq tashxis qo’yiladi. Bemorlarga tabiiy mineral suvdan tashqari, dori-darmonlar, shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan damlamalar, parhez ovqatlar va boshqalar beriladi. Yiliga 6000 kishi davolanadi (2004). Sanatoriyda 370 o’ringa mo’ljallangan yotoq korpuslari (bir va ikki o’rinli), 2 ta oilaviy kottej, klub, kutubxona, sport maydonchalari bor. «Chinobod» sanatoriyasida bekamu kust davolanish, maroqli dam olish uchun barcha qulayliklar va orombaxsh mikroiqlim mavjud. 2001 yildan «Chinobod» sanatoriyasi ochiq aktsiyadorlik jamiyati (OAJ)ga aylantirildi.

One thought on “«CHINOBOD» SANATORIYSI

Comments are closed.