CHINOZ

CHINOZ (mo’g’ulcha — bo’ri) — o’zbeklar tarkibiga kirgan kabilalardan biri. Rashiduddin Fazlulloh (14-asr) ning «Jomeuttavorix» tarixiy asarida yozilishicha, «Chinoz» atamasi mo’g’ullarning tayjuit qabilasi tarkibidagi urug’lardan birini anglatadi. Keyinchalik Chinozlar tayjuitlardan ajralib, mustaqil qabila bo’lganlar. 13-14-asrlarda Chinoz qabilasi ham boshqa bir qancha mo’g’ul qabilalari kabi Dashti Qipchoqning Sharqiy qismiga kelib o’rnashganlar. 16-17-asrlarda ularning bir qismi Qarshi cho’li (Qarshi shahri yaqini) ga va Toshkent vohasiga ko’chib kelib, o’troqlashib ketgan. Dashti Qipchoqda qolgan qismi esa qoraqalpoqlar tarkibiga kirgan.

CHINOZ — Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi shahar, tuman markazi. 1958 yil 8 mayda asos solingan. Temir yo’l stantsiyasi, avtomobil yo’llar chorrahasi. Chirchiq daryosining o’ng sohilida, Toshkent shahridan 50 kilometr Janubda. Aholisi 35 ming kishi (2004). Shaharning shimoliy Sharqiy qismida qadimgi Chinoz xarobalari saqlanib qolgan. Bu yerda dastlabki manzilgoh milodiy boshlarida vujudga kelgan. 1-ming yillik o’rtalariga kelib manzilgoh mudofaa devorlari bilan o’ralgan va Markaziy qismida arki (balandligi 8 metr) bo’lgan shaharga aylangan. Ko’chmanchi chorvador xalqlar bilan aloqalari va Sharq mamlakatlariga boriladigan mashhur savdo yo’lida joylashganligi Chinozning tez sur’atlar bilan o’sishiga sabab bo’lgan. Shahar 13-asr boshlarida mo’g’ullar istilosidan keyin xarobaga aylangan. Bu yerda o’tkazilgan arxeologik qazish paytida ko’plab xo’jalik buyumlari, bezaklar va tangalar topilgan. Chinoz yonida shag’alqum karyeri mavjud. Shaharda 2 qo’shma korxona (shu jumladan, kalava ip, gazlama ishlab chiqariladigan O’zbekiston—Turkiya— Yaponiya «To’qimachi LTD» qo’shma korxonasi), kichik korxonalar, paxta tozalash, non zdlari, qurilish konstruktsiyalari kombinati, noruda materiallar ishlab chiqarish, urug’lik tayyorlash korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, madaniy, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori mavjud. 10 dan ziyod umumiy ta’lim, musiqa maktablari, 2 ta o’rta maxsus bilim yurti, madaniyat uyi, Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat va istirohat bog’i, 2 kasalxona, poliklinika, dorixona va b. tibbiy muassasalar bor. Chinozdan Toshkent—Nukus, Toshkent— Urganch avtomobil trassasi va temir yo’l o’tgan. Shahardan Toshkentga avtobuslar qatnaydi.