CHIROQCHI TUMANI

CHIROQCHI TUMANI – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1962 yilda Yakkabog’ tumaniga qo’shilgan. 1964 yil 22 Fevralda qayta tashkil etildi. Sharqdan Shaxrisabz, Kitob, Janubi sharqdan Yakkabog’, Janubdan Qamashi, G’arb va Janubi g’arbdan Qarshi, Koson tumanlari, shimoldan Samarqand viloyatining Pastdarg’om va Nurobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 2,84 ming kilometr kvadrat. Aholisi 270 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Chiroqchi), 20 qishloq fuqarolari yig’ini (Dam, Dodiq, Jar, Ko’kdala, Langar, Mirzato’p, Oxunboboyev, Paxtaobod, Torjilg’a, Uymovut, Uyshun, Xumo, Chim, Chorvador, Shurkuduq, Eski Angor, Yangi hayot, Kalkama, Kaxramon, Qumdaryo) bor. Markazi — Chiroqchi shahri. Tabiati. Tuman hududi viloyatning shimol qismida joylashgan. Relyefi tekis cho’l va qir-adirlardan iborat bo’lib, Janubi g’arbdan shimoli sharqqa (Qoratepa tog’i) balandlashib boradi. Balandligi tekis cho’l qismida 400— 600 metr, adirda 700-900 metr va Zarafshon tizmasining davomi bo’lmish Qoratepa tog’ida 1200-1500 metr. Dursun qishlog’i yonida tabiiy gaz koni topilgan. Iqlimi keskin kontinental. Yillik o’rtacha temperatura 14,7°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 2,7°, eng past temperatura -20°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 45°. Vegetatsiya davri 220-230 kun. Yiliga 368 millimetr, sharqida 400-500 millimetr yog’in tushadi. Tumandagi ekinlar Qashqadaryo, Qumdaryo, Oyoqchidaryo va boshqa kanallardan sug’oriladi. Tumanning Janubda Chimqo’rg’on suv ombori bor. Shimol tog’li zonada o’tloqi, tekislik qismida tipik bo’z tuproqlar, och bo’z tuproq, daryo vodiylarida o’tloqibotqoq tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi o’simliklardan rang, qarg’aoyoq, qamish, chitir, karrak, bug’doyiq, yantoq, qashqar beda, qoramug’, qo’ziquloq, oqquray, tuyaqorin va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, quyon, kalamush, qo’shoyoq, sichqon, echkemar; qushlardan qirg’ovul, so’fito’rg’ay, chumchuq, chug’urchiq, zarg’addoq va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 95,1 kishi. Qishloq aholisi 252,5 ming kishi, shahar aholisi 17,5 ming kishi (2003). Xo’jaligi. Tumanda 2526 yirik, o’rta, kichik korxona va mikrofirmalar, paxta tozalash, g’isht zavodlari, gilam fabrikasi, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, bosmaxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 20 shirkat, 970 fermer, bo’rdoqichilik xo’jaliklari faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jagi paxtachilik, g’allachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Ekin maydonlariga paxta, don, kartoshka, poliz, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Tuman jamoa va shaxeiy xo’jaliklarida qoramol, Qorako’l qo’y, parranda boqiladi. 174 umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, 3 kasb-hunar kollejlari, Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, 18 klub muassasalari, madaniyat va istirohat bog’i ishlab turibdi. Kasalxona, feldsherakusherlik punktlari, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar bor.