CHIROQJO’RA VOLFRAM KONI
CHIROQJO’RA VOLFRAM KONI – Zirabuloq tog’larining g’arbiy qismidagi kichik kon. Chiroqjo’ra intruziv massivining shimoliy g’arbiy qismida joylashgan. 1955 yilda ochilgan. Kon geologiyasini N.D. Ushakov (1958-60), H.N. Boymuhamedov (1960) o’rgangan. Konda silur davriga mansub ohaktosh yotqiziqlari mavjud. Volfram rudasi Chiroqjo’ra intruziv massivi ichida yotgan (750×100 metr kattalikdagi) ohaktosh harsanglari (ksenolitlari) bilan granodioritlar tutashgan joyda hosil bo’lgan skarnlar bilan bog’liq. Linzalar shaklidagi rudali skarnlar tarkibida volframning sheelit minerali bor. Rudali skarn jismining uzunligi 150 metr, qalinligi esa 0,4 metr. Rudali skarnlar, asosan, piroksen, granat, kvars, sheelit, stilpnomelan, antimonit, vezuvian, nontronit, pirrotin, xalkopiritlardan tarkib topgan. Volfram rudasi (sheelit) juda mayda donachalar holida skarndagi piroksenlar orasida joylashgan.