CHIUAUA
CHIUAUA — Meksikaning shimoliy qismidagi shtat. Maydoni 247 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,1 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Chiuaua shahri. Shtat Meksika tog’ligining shimol qismida (eng baland joyi 1000-2000 metr), tog’ tizmalari oqmas havzalarni ajratib turadi. G’arbida G’arbiy Serramadre tog’ sistemasi (eng baland joyi 2591 metr) joylashgan. Iqlimi tropik, quruq iqlim, o’rtacha oylik temperaturalar 10-15° dan 25-30° gacha. Yillik yog’in o’rtacha 500 millimetr. Yirik daryosi — Konchos (Riobravodelnorte daryosi havzasida). Dasht va cho’l o’simliklari usadi. Mamlakatning muhim konchilik va metallurgiya sanoati rayoni. Foydali qazilmalardan polimetall va uran rudalari, kumush, simob olinadi. Rangli metallurgiya, oziq-ovqat, to’qimachilik sanoati korxonalari bor. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — chorvachilik. Sug’oriladigan yerlarda paxta ekiladi. Chiuaua orqali Markaziy Meksikani AQSh bilan bog’laydigan temir yo’l o’tgan.