CHODIR JAMOL

CHODIR JAMOL — o’zbek an’anaviy qo’g’irchoq teatrining turi. Unda qo’g’irchoqlar qo’lga kiyib o’ynatiladi. Shunga ko’ra, u «qo’l qo’g’irchoq» deb ham yuritiladi. Uning tomoshalari asosan kunduzi ko’rsatilgan. Sahnasi ko’pincha qizil yoki sariq tusli qattiq gazlamalardan xaltasimon qilib tikilgan bo’lib, chodir deb ataladi. Qo’g’irchoqboz chodir ichiga kirib quyi qismini beliga bog’lab oladi, boshi uzra turadigan yuqori qismi esa oshiq-mashuqli bolorcho’p, Ostona, ikkita yon cho’p va tirgovuchlar yordamida to’rtburchak sahna tusini oladi. Qo’g’irchoqboz o’zi ko’rinmasdan cho’kkalab yoki tik turgan holda chodir ichiga tikilgan cho’ntakda taxlab qo’yilgan qo’g’irchoqlardan har gal ikkitasini chiqarib o’ynatadi. Qo’g’irchoqlar qo’ndirilgan barmoqlar harakatlanishi bilan qo’g’irchoqlarga «jon» kiradi. Chodir Jamol O’zbekiston hududida taxminan 5-asrda yuzaga kelgan. 14— 16-asrlar keng taraqqiy etgan. U, asosan, Real hayotdan olingan voqealarni aks ettirgan. Polvon Kachal — Chodir Jamol teatrining bosh qahramoni. M. Gavrilov, L. A.Perepelisina va M.Qodirov tomonidan Chodir Jamol teatrida o’ynaladigan komediyaning bir qancha namunalari yozib olib, e’lon qilingan. Shundan eng mukammali va qadimiysi samarqandlik qo’g’irchoqboz quli bobo Novvotovdan M.Qodirov yozib olgan «Polvon Kachal sarguzashtlari» komediyasidir. 20-asrda xalq qo’g’irchoqbozlari, asosan, Chodir Jamol turida ishlab keldilar. Yangi shakldagi professional va havaskor qo’g’irchoq teatrining tashkil topishida ham Chodir Jamol muhim rol o’ynaydi. An’anaviy Chodir Jamol teatrining chodirlari va qo’g’irchoqlari muzeylar (Toshkent, Buxoro, Samarqand kabi)da saqlanadi. Ad. Qodirov M., Xalq qo’g’irchoq teatri, T., 1972. Muhsin Qodirov.