CHO’PONDEPE

CHO’PONDEPE, Cho’pontepa — miloddan avvalgi 6—5-ming yilliklar (neolit davri) ga oid arxeologik yodgorlik. U ilk sug’orma dehqonchilik madaniyatiga mansub. Cho’pondepe Ashxobod viloyatining Go’kdepe tumani markazidan 7-8 kilometr sharqda joylashgan. 1957-58 yillarda qayd etilib, qazishmalar o’tkazilgan. Cho’pondepe uzunchoq shaklda bo’lib, balandligi 5 metr, maydoni 2 gektardan iborat. Bir necha ming yilliklar davomida Cho’pondepeda kechgan o’troq hayot izlari yodgorlik sahni ostida 6 metrli qalinlikdagi madaniy qatlamda saqlanib qolgan. Qazish jarayonida uning yuqori va ostki qatlamlaridan turar joy xarobalari kavlab ochilgan. Murabba’ shakldagi uylar yirik guvala (diametri 20-25 santimetr, uzunligi 60-70 santimetrli) lardan somonli loy bilan bino qilingan. Xona devorlari sahni somonli loy bilan suvalgan. Xonaga torgina eshik orqali kirilib, ichkarisida guvaladan barpo etilgan ulkan o’choq, tashqarisida esa, hovli, xo’jalik o’rasi va kataklari joylashgan. Kazishmalardan 2 mingdan ortiq mikrolit tosh qurollar (qadama o’roq, qirg’ich, o’roqranda, teshgich, Parma), qo’lda yasalgan sopol idish (kosa, tovoq va xumchalar), turli hayvonlarning suyaklari (echki, qo’y, buqa, jayran, it, tulki va boshqalar) va ko’mirga aylangan don qoldiqlari (asosan, arpa, bug’doy) topilgan. Sirti silliklangan sopol idishlarning ayrimlariga to’q jigarrang yoki och malla rangli to’lqinsimon yoki yarim doira shakllardagi naqshlar berilgan. Topilmalardan ma’lum bo’lishicha, Cho’pondepeliklar, asosan, sug’orma dehqonchilik va xonaki chorvachilik bilan shug’ullangan bo’lsalarda, ovchilik ham ular hayotida muhim o’rin tutgan. Ad.: Masson V.M., Srednyaya Aziya i Drevniy Vostok, M.L., 1964.