Tahlillarga ko’ra, XVI asr boshidan, Temur va temuriylar saltanati inqirozidan keyin boshlangan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy turg’unlik natijasida Turkiston XVIII-XIX asrlarga kelib dunyoning ko’pgina mamlakatlaridan orqada qolayotganligi sezilayotgandi. Bunga quyidagilar sabab bo’lmoqda edi:
Birinchidan, asrlar davomida bir butun bo’lib kelgan mamlakatning, bir iqtisodiy va madaniy makonda yashab kelgan xalqning uchga bo’linib ketishi, xonliklar o’rtasidagi to’htovsiz urushlar, har bir xonlik ichidagi boshboshdoqlik va hokimiyat uchun o’zaro tinimsiz davom etgan ichki nizo va yurushlar butun mamlakatni xonavayron qildi. Bu jarayon guruhbozlikni keltirib chiqardi, qabilalarning etnik aralashuviga, bir xalq bo’lib qovushishiga, jipslashishga halaqit berdi. Davlat darajasida ham, viloyatlar darajasida ham yagona xalq, yagona Vatan tushunchasining qadri anglab olinmadi.
Ikkinchidan, aholi xon va beklarning, turli lavozimdagi mansabdorlarning zo’ravonligidan, o’zboshimchaligidan, mansabni suiste’mol qilishidan, g’ayriqonuniy soliq va jarimalaridan himoya qilinmadi.
Uchinchidan, asosiy boylik bo’lgan yerga mulkchilikning eski usuli bir necha asrlardan beri o’zgarmadi. Xonliklarda oliy hukmdor yerning birdan-bir egasi bo’lib, yer ishlovchilarga – dehqonlarga ijara tarzida hatlab biriktirilgan edi. Dehqon yer egasi emas, yerda olinadigan hosilning egasi edi, holos. Shu bois dehqon yerni asrab – avaylashga, uning unumdorligini oshirishga intilmadi.
To’rtinchidan, xonliklarda sanoat rivojiga e’tibor bo’lmadi. Oltingugurt, rangli metallar, marmar, toshko’mir, neft kabi tabiiy boyliklarga serob konlar bo’lsada, ularni qazib olish, tog’-kon ishlarini rivojlantirish, kemasozlikni yo’lga qo’yish masalalari hal qilinmadi.
Beshinchidan, tovar-pul munosabatlari rivojlantirilmadi. Daromaddan, iste’mol va qo’shin harajatlari zo’rg’a kopanlar, kapitalga aylanmasdi. Pul, oltin-kumush xon va amaldorlarning xazina to’plash manbai bo’lib qolgan edi.
Oltinchidan, xonliklarning savdo munosabatlarida hamon ayirboshlash usuli davom etardi. O’rta Osiyo jahon bozoridan ajralib qolgani ustiga bu yerda ichki bozor ham tashkil topmadi.
Yettinchidan, eng muhimi, XIX asr ikkinchi yarmida O’rta Osiyo hududidagi xonliklarda o’z millati, xalqi va Vatani istiqboli uchun qayg’uradigan, odamlarni bir g’oya va bir ezgu maqsad yo’lida birlashtira oladigan hamda ortidan ergashtira oladigan yo’lboshchi ham topilmadi.
Turkiston xonliklari uchun bo’lgan ana shunday og’ir sharoitda dunyoning bosqinchi davlatlari, xususan Rossiya va Angliya o’lkamizga ko’z olaytira boshladi. Aslida Rossiya Turkistonni bosib olish rejasining amalga oshishiga XVI asr o’rtasida Ivan Grozniy zamonidayoq Qozon (1552), Astraxon (1556) va Sibir (1581-1590) xonliklari qo’lga kiritilganidan keyin kirishgandi. Ana shu maqsadda 1558-1559 yillarda Antoni Jenkinsonning Buxoroda bo’lishi, XVII asrda Rossiyadan Buxoro va Xivaga 9 marta elchilarning kelishi jarayonida esa xonliklarning iqtisodiy va harbiy ahvoli o’rganilishi amalga oshirilgandi. Imperator Pyotr I davrida xonliklarning g’arbiy, shimoliy va sharqiy chegaralarida harbiy istehkomlar qurish maqsadida harbiy ekspeditsiyalar yuborilishi amalga oshirilgandi. XVIII asrda Rus davlati qozoqlarining Kichik juz, O’rta juz va Katta juz hududlarini qo’lga kiritgandan keyin o’zbek xonliklarining bosib olinishida qulayliklar yaratish uchun 46 ta katta va 96 ta kichikrok harbiy qal’a va istehkomlar quriladi va ularga o’zining harbiy qismlarini joylashtiradi.
Lekin Rossiyaning bu harakati Angliya manfaatlariga zid edi. Chunki Angliya o’z tasarrufidagi Hindiston va Afg’oniston orqali O’rta Osiyo davlatlari bilan savdo-sotiq qilardi. U rus savdogarlarini bu hududlardan siqib chiqarishga intilardi hamda ruslarning chegaralari Afg’onistongacha yetib borishini xoxlamasdi. Inglizlar rejasiga ko’ra xonliklar ikkala mustamlakachi davlat o’rtasidagi «betaraf maydon» bo’lishi zarur edi. Undan tashqari Angliya O’rta Osiyo xonliklarining bu davrdagi kuchsizlanayotganligidan foydalanib, Rossiyaning harbiy bosqini boshlanishi mumkinligini ham e’tibordan chetda qoldirmayotgandi.
Rossiya va Angliya o’zaro munosabatlarini yahshilash va raqobatchilikni yumshatish uchun 1856 yilning 19 martida o’zaro bitim tuzdi. Rus general–leytenanti Hrulevning fikricha, bu bitim o’zaro munosabatlarni o’zgartirmadi, chunki u mahalliy savdo va hukmronlik qilish masalalarini o’z ichiga olmagandi. 1858 yil martida Angliya parlamenti Hindistonni o’z mustamlakasiga aylantirish va Turkistonda savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida mahsus qo’mita ta’sis etdi. Natijada Turkistonda rus-ingliz raqobatchiligi yil sayin kuchayib bordi. Angliya o’z diplomatlari, sayyohlari va ayg’oqchilari vositasida Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. Angliya bunda Turkiya hamkorligidan ham foydalanmoqchi bo’ldi. Lekin bu urinishlar natija bermadi.
O’rta Osiyoda ruslar va inglizlar o’rtasida raqobatchilikning keskinlashuvi harbiy to’qnashuvga olib kelishi mumkin edi. Lekin 1869 yilda har ikkala davlat o’rtasida muzokaralar boshlanishi bunga yo’l ko’ymadi. Natijada ikkala davlat o’rtasida betaraf davlatlar bo’lishi zarur, degan xulosaga kelindi. Rossiya uchun bu Afg’oniston bo’lishi mumkin edi. Angliya esa Afg’oniston va O’rta Osiyo bo’lishini xoxlardi. Natijada masala ochiq qoldirildi. Chorizm o’zining mustamlakachilik siyosatini davom ettiradi. Bu inglizlarning noroziligiga sabab bo’ladi. Shu bois Buyuk Britaniya vakili Forsayt 1873 yilda Toshkentga kelib, general-gubernator Kaufman bilan uchrashadi va u Qo’qon xonligining butunlay Rossiya tomonidan bosib olinishiga rozilik bildiradi. Buxoro amirligining esa Rossiya tasarrufida mustaqil qolishligiga kelishildi. Natijada amirlikning batamom bosib olinishi kechiktirildi.
Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi inglizlarning Turkiston uchun qiziqish harakatlarining kuchayishi chor Rossiyasini ko’proq tashvishga soldi. U xonliklarga bevosita chegaradosh bo’lganligidan foydalanib harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Orenburg general-gubernatori V. A. Perovskiy 1834 yilda Kaspiy dengizi qirg’og’idagi Mang’ishloqda harbiy istehkom qurib, unga Novo – Aleksandrovskoye deb nom berdi. 1845 yilda Orenburg va Yoyiq, 1847 yilda Sirdaryoning Orol dengiziga quyilish joyida Rayim harbiy istehkomlarini qurdi. Perovskiy qo’shinlari 1853 yilda Qo’qon xonligiga qarashli Oq masjid (hozirgi Qizil O’rda) ni bosib oldi. Xonliklarning shimoliy-sharqiy tomonidagi G’arbiy Sibir general-gubernatori G. Gosford 1847 yilda Yettisuvdagi Ulutov yakinida ikkita harbiy istehkom, Olmati yonidagi Verniy istehkomini kurib harbiy kuchlarni joylashtirdi. 1860 yilda Qo’qon xonligiga qarashli To’qmoq va Pishpakni egalladi. 1864 yil mayida Chernyayev otryadi Avliyo otani bo’ysundiradi. Qisqasi, 1847-1864 yillarda rus qo’shinlari Qo’qon xonligining hozirgi Qozog’iston va Qirg’iziston hududlaridagi joylarini egallab oladi.
Endi navbat Qo’qon xonligining tayanch shaharlari hisoblangan Turkiston va Chimkent uchun harakatlar boshlanib ketadi. Qo’qondan sarkarda Alimqulning qarshiligiga qaramasdan 1864 yil 12 iyulida Turkiston egallanadi. 1864 yil sentyabrining boshlarida esa Chimkentni ham egallashga muvaffaq bo’ladi.
Chernyayev 1864-1865 yil kishida harbiy tayyorgarlik ko’rib, Sibir va Orenburgdan qo’shimcha qurol-yarog’, yangi batalonlar, sapyorlar rotalari oldi. Mahalliy aholi orasidan Chernyayev foydasi ishlovchi sotqinlar ham topildi. 1865 yil bahoridan Chernyayev Toshkentga yangi hujum boshladi. Chernyayev 28 aprelda Chirchiq yoqasidagi Niyazbek qal’asini egallab, Toshkentni suv bilan ta’minlovchi Kaykovuz anhoriga Chirchiqdan suv chiqarib beruvchi to’g’on buzib tashlanadi. Shu orada lashkarboshi Alimqul ham Toshkentga yetib keldi. 9 may kuni Solar arig’i yaqinida bo’lgan katta jangda Alimqul yarador bo’lib, halok bo’ldi. Nihoyat shaharliklar qarshiligi sindirildi, 15 iyun kuni Toshkent zabt etildi. Chernyayev 1866 yil yanvarida Jizzaxga hujum qiladi va mag’lubiyatga uchraydi. O’zboshimchaligi uchun Chernyayev Rossiya markaziga chaqirilib, o’rniga general Romanovskiy yuboriladi. U Orenburgdan yordam olib Buxoro amirligiga yurish boshlaydi. 1866 yil mayida Yerjarda bo’lgan jangda amir Muzaffar qo’shinlari yengiladi va Jizzaxga qochadi. Romanovskiy harakatni Ho’jand tomon yo’naltiradi va uni 19-22 may kunlari uni qo’lga kiritadi. 1866 yil avgustida Orenburgdan general-gubernator Krijanovskiy Toshkentga kelib, Romanovskiy bilan birgalikda Buxoro amirligini tor-mor qilishni kelishadi. 1866 yil oktyabrida O’ratepa viloyati, Zomin qal’asini bosib oladi. Endi Jizzax uchun jang boshlanadi. Jizzax balandligi 4 metr, eni 3 metrlik ikki qavat devor bilan o’rab olingan qal’a edi. Shaharda 10 ming himoyachi ham bor bo’lgan. Shaharga kiradigan darvozalar ham tuproq bilan to’ldirilgandi. Lekin 11-18 oktyabr kunlari bo’lgan jang bosqinchilari foydasiga hal bo’ldi va shahar egallandi. Shundan keyin imperator Aleksandr II 1867 yil 14 iyulda 1865 yilda tuzilgan Turkiston viloyatini Turkiston general–gubernatorligiga aylantirish, Turkiston harbiy okrugini tuzish to’g’risida farmon berdi.
General–gubernator va okrug qo’mondoni etib general–ad’yutant K. P. Fon Kaufman tayinlandi. U Buxoro amirligini bosib olishni tezlashtirib 1868 yil 1-2 may kunlari Samarqand uchun Zarafshon yonidagi Cho’ponotada kattik janglar olib borib uni egalladi. Kaufman Zirabuloqda amir qo’shinlari bilan urishayotgan bir paytda Qarshi, Shahrisabz va Kitob beklari Jo’rabek va Bobobek hamda amirning o’g’li Abdumalik To’ra 27 may kuni Samarqandga qo’shin bilan yetib kelib Samarqandda ko’tarilgan qo’zg’olonga qo’shildilar. Ular Kaufman Samarqandda qoldirgan polkovnik Nazarov va mayor Shtemko boshliq harbiy qismlar bilan 8 kun jang qilib, ularning 500 kishidan iborat armiyasidan 275 tasini halok va yarador qiladi. Bundan habar topgan Kaufman zudlik bilan Zirabuloqdan Samarqandga kelib 8 iyun kuni Samarqand aholisi qirg’in qildi.
Chorasiz qolgan amir Muzaffar 1868 yil 23 iyunda Kaufman bilan sulh tuzishga majbur bo’ldi va Rossiyaning vassaliga aylandi. Shunga ko’ra, Buxoro amirligi mustaqilligini yo’qotish bilan birga barcha Samarqand, Kattaqo’rg’on va Zarafshon daryosining yuqori qismidan ham ajraldi. Yana 500 ming oltin to’lash va xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil aloqalar qilmaslik majburiyatini ham oldi. Amirlikdan tortib olingan hududlarda 1868 yilda Zarafshon okrugi tuzilib, unga general mayor Abramov boshliq etib tayinlandi. Amirning bu harakatlari xalqning yuqori tabaqasi noroziligiga va unga qarshi harakatlar boshlanishiga sabab bo’ldi. Ayniqsa Shahrisabz va Qarshida kuchli norozilik bo’ldi. Muzaffarning to’ng’ich o’g’li Abdumalik To’ra, erksevar beklar Jo’rabek, Bobobek va Sulton Sodiklar birgalikda ozodlik kurashini boshlab yubordilar. Ular dastlab Muzaffarga qarshi urushib Shahrisabzni va Qarshini egalladilar. So’ngra Karmana va Chiroqchi ham ular qo’liga o’tdi. Muzaffar 1868 yil kuzida Kaufmandan yordam so’radi. Bunga javoban dastlab Abramov boshliq harbiy qismlar yuborildi. Kuchlar teng bo’lmaganligidan Abdumalik va Sulton Sodiq xon huzuriga yordam so’rab bordi. Ular keyin Afg’oniston tomon bordi. U yerdan yordam ololmagach Hudoyorxon huzuriga bordi. Bu yerdan Qashqarga Yoqubbek huzuriga keldi va shu yerda panoh topib, 1909 yilda vafot qiladi. Ko’rinadiki, amir Muzaffar bosqinchilarga qarshi emas, Kaufman yordamida o’z vatandoshlariga qarshi urushga kirishadi, 1870 yil avgustida ularni dushman – bosqinchi kuchlari yordamida yengib, o’z taxtini saqlab qoladi. Shahrisabz va Kitob bekliklari ham amirlik tarkibida qoladi. Chor Rossiyasi Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi yerlaridan tarkib topgan Turkiston general-gubernatorligini O’rta Osiyoni bosib olishdagi tayanch markaziga aylantirgach, Xiva xonligini bosib olishga kirishadi. Ular bu ishga Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasining halokati va 1839 yilda Perovskiy harbiy yurishining barbod bo’lganligini e’tiborga olib, 1872 yil oxirlarida Orenburg general-gubernatori, Kavkazdagi podsho noibi va Turkiston general-gubernatori harbiy vazir ishtirokida Peterburgdagi mahfiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga kelishildi. Bunga ko’ra, Turkiston general-gubernatorligi sharqdan, Orenburg general-gubernatorligi harbiy qismlari shimoliy-g’arbdan harakat qilishlari zarur edi. Xiva xoni Muhammad Rahim bundan xabardor bo’lgani holda Angliyadan yordam so’ragandi. Lekin Angliya Rossiya bilan ochik to’qnashuvdan havfsiradi. Demak xonlik faqat o’zining ichki imkoniyatlariga qarab ish tutishga majbur bo’ldi. Kaufman 1873 yil bahorida 12 mingdan ortiq zobit va askar, 56 ta to’p-zambaraklar bilan Xiva xonligiga qarshi harakat boshladi. Ayni paytda, Xivaga qarshi Orenburg, Mang’ishloq, Krasnovodsk, shuningdek, Kavkaz okrugi qo’shinlari ham harbiy yurishni boshlagan edi. Umumiy qo’mondonlik Kaufman zimmasiga yuklatilgandi. Amudaryo bo’ylarida qirg’inbarot janglar bo’ldi. 1873 yil 18 may kuni Kaufman harbiy qismlari Amudaryodan o’tib Hazoraspni egallaydi, Qo’ng’irot va Ho’jayli shaharlari, Mang’it qal’asi zabt etiladi. Istilochi qo’shinlar Xivaga yaqinlashib qolganda Muhammad Rahim poytaxtni tashlab chiqadi va Izmiksho’r yaqinidagi bir turkman ovuliga yashirinadi. Kaufman shaharni zabt etadi va 1873 yil 12 avgustida Xivaga yaqin Gandimiyon qishlog’ida Kaufman bilan Muhammad Rahimxon shartnoma imzolaydi. Bunga ko’ra Xiva Rossiyaning vassaliga aylantiriladi, Amudaryo quyi oqimining o’ng tomoni Rossiya tarkibiga kiritiladi, 2 mln 200 ming so’m tovon to’lash kelishiladi.
Kaufman Xiva xonligini tugatgach, Qo’qon xonligini tugatishga kirishdi. U Qo’qon xonligidan bosib olingan yerlarni Rossiya tarkibiga kirganligini qonunlashtirish uchun polkovnik Shaufusni Hudoyorxon huzuriga yubordi va xon 1868 yil 13 fevralda shartnomaga muhr bosdi. Unga ko’ra, rus savdogarlariga katta imtiyoz berildi, mahalliy savdogarlar esa o’z general – gubernatorligida faoliyat ko’rsatadigan qilib belgilandi. Umuman shartnoma Qo’qon xonligini og’ir ahvolga solib ko’ydi. Xonlik tashqi olamdan mahrum bo’ldi, Rossiyaning qaram o’lkasiga aylandi. Bu shartnomadan qoniqmagan kuchlar Hudoyorxonga qarshi bo’la boshladi. Buning ustiga xon hudud qisqarganligini ro’kach qilib, xazinani to’ldirish uchun yangi soliqlar joriy qildi, o’zini bosqinchilarga yaqin tutdi, Qo’qon va Rossiyani bir davlat deb hisoblaydigan bo’ldi. Bu vaziyat xonlikda Hudoyorxonga qarshi xalq qo’zg’olonini keltirib chiqardi. Qo’zg’olonchilarning bir qismiga 1873 yilda mullo Ishoq boshchilik qildi. Bu qo’zg’olonni tinch yo’l bilan bostirishga Abdurahmon Oftobachi harakat qilib ko’rdi. Lekin uni Hudoyorxon qo’llab-quvvatlamadi. Natijada g’alayon qurolli qo’zg’olonga aylandi va Hudoyorxonni tahtdan mahrum etish harakati boshlandi. Buning uchun xonlar avlodlaridan kerak edi. Lekin rozilik bildirgan shaxs bo’lmadi. Shundan keyin qo’zg’olon boshlig’i Mullo Ishok Hasan o’g’li o’zini Qo’qon xoni Olimxonning nabirasi Po’latxon deb e’lon qiladi. Xonlikda Hudoyorxonning o’g’illari Nasriddinbek va Aminbek, ukasi Sulton Murod, nevarasi Nazarbek, Sherali dodhoh, Abdurahmon Oftobachi va boshqalar ham bosh ko’taradilar. Ular ham Chor Rossiyasiga, ham Hudoyorxonga qarshi kurash boshladilar. Xalq ham qo’zg’olonchilarga ergashdi va 1873 yildan butun vodiyda qo’zg’olon boshlandi.
Hudoyorxon qo’zg’olonni bostirishga ojizlik qilib, Toshkentga qochib ketadi. Kaufman Hudoyorxonning 40 ta aravadagi boyliklarini musodara qilib, o’zini Orenburga surgun qiladi. Xon u yerdan qochib hajga ketadi va hayoti ayanchli yakun topadi. Hudoyorxon qochib ketgach, qo’zg’olonchi kuchlarning bir qismi Nasriddinxonni hokimiyatga ko’tarishni hohlasa, boshqa qismi Po’latxonni taxtga o’tkazishni taklif qilardi. Natijada ziddiyat yanada kuchaydi. Kaufman ana shu ichki kelishmovchiliklardan ustamonlik bilan foydalanib, 1875 yil avgustida Qo’qon xonligini batamom bosib olish uchun katta qo’shinni safarbar etdi. Xonlikni bosib olishda genarallar Skobelev, Golovachev va boshqalar rahbarlik qildilar. Nasriddinbek, lashkarboshi Abdurahmon Oftobachi tezlikda dushmanga taslim bo’lishdilar va ular tomoniga o’tdilar. 1876 yil fevralida Po’latxon boshchiligidagi qo’zg’olonchilar vahshiylik bilan bostirildi. Po’latxon 1876 yil 1 martida dorga osildi, uning safdoshlari esa ayovsiz jazolandi. 1873-1876 yillardagi Farg’ona vodiysidagi qo’zg’olonlar xalqning milliy-ozodlik harakati edi. Keyin imperatorlik xonlik o’rnida Farg’ona viloyati tuzilib, Turkiston general-gubernatorligiga tarkibiga kiritildi. Harbiy gubernator qilib general Skobelev tayinlandi. U tez orada Oloy vodiysini ham o’z tasarrufiga kiritdi. Endi bosqinchilar turkmanlar yashaydigan hududlarni bosib olishga kirishib, 1877 yilda Qizil Arvot, 1881 yilda Ashabod, 1877 yilda Marv bosib olinadi. Bosib olingan hududda Kaspiyorti viloyati tuzilib, u ham Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Shunday qilib, Rossiya 20 yil davom etgan qonli urushdan keyin O’rta Osiyoni to’laligicha bosib oldi. Bosib olingan hududlarda mustahkam o’rnashib olish maqsadida 1881 yilda Rossiya – Eron chegara konvensiyasi imzolanib, ikki o’rtadagi chegara aniqlandi. 1885-1887 yillarda esa Rossiya va Angliya hukumatlari tomonidan Rossiya Afg’oniston chegarasi, 1895 yilda esa Pomirdagi chegaralar belgilandi. Bu Chor Rossiyasining O’rta Osiyodagi bosqinchilik, talonchilik harakatining yakunlovchi nuqtasi bo’ldi.
Turkiston general-gubernatorligi tashkil topishi bilan bir vaqtda Turkiston harbiy okrugi ham yuzaga keldi. General-gubernator bir vaqtning o’zida okrug qo’mondoni ham hisoblangan. Viloyatlarning harbiy gubernatorlari va uyezd boshliqlari ham o’z ixtiyoridagi harbiy qismlarning qo’mondonlari bo’lishgan. Shu tariqa «harbiy xalq boshqaruvi»dagi harbiy hokimiyat chor zobitlari va harbiylari qo’lida to’plangan. «Xalq boshqaruvi» – yuzboshi, oqsoqollar, «xalq sudyalari» – qozilar aholi tomonidan saylangan. O’lkaning markaziy boshqaruv general-gubernator hamda uning Kengashi va Mahkamasidan iborat bo’lgan. General-gubernatorlikning – bosh boshqarmaning ijroiya organi bo’lgan general-gubernator mahkamasi dastlab to’rt bo’limdan iborat edi. Birinchi bo’lim ma’muriy va nazorat ishlarini boshqargan. Ikkinchisi bosh boshqarmaning moliyaviy va xo’jalik ishlariga qaragan. Uchinchi bo’lim soliqlar va shahar ishlariga doir masalalar bilan shug’ullangan. To’rtinchi bo’lim esa maxsus bo’lim hisoblanib uning faoliyati serqirra bo’lgan. 1886 yilgacha mustaqil ish ko’rgan bu bo’lim harbiy va adliya vazirlari ishlaridan mustasno ravishda sud qarorlarini ham qayta ko’rib chiqish huquqiga ega bo’lgan.
Shaharlar o’zlarining mavqeiga ko’ra siyosiy, harbiy, iqtisodiy va madaniy markazlar vazifasini bajargan. Toshkent, Samarqand, Qo’qon, Andijon, Marg’ilon, Namangan, Buxoro, Ashhobod o’lkaning eng yirik shaharlari hisoblangan. Yana mahalliy ahamiyatga bo’lgan Chimkent, Jizzax, Kattaqo’rg’on, Qarshi, Termiz kabi shaharlarda iqtisodiy hayot tez rivojlana borgan. Mustamlakachilik yangi shaharlarni ham yuzaga keltirdi. Jumladan, Kazalinsk, Petro Aleksandrovsk, Skobelev, Chernyayevka qabilar. Bosib olingan shaharlarda ruslar uchun maxsus ajratilgan manzilgohlar paydo bo’ldi. Shaharlar ikki qismga bo’linib, biri eski shahar (mahalliy aholi yashaydigan qism), ikkinchisi yangi shahar (ruslar yashaydigan qism) deb ataladigan bo’ldi. Toshkentning rus qismini tashkil qilish uchun maxsus qo’mita tuzildi. Rejaga kirgan joylardan mahalliy aholi majburan ko’chirildi.
Shaharlarni ruslashtirish va rus aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Turkiston shaharlarida savdo-sotiq, hunarmandchilik va sanoat bilan shug’ullanuvchi rus fuqarolari uchun alohida imtiyozlar yaratildi. 1877 yilda maxsus Muvaqqat komissiya tuzilib, saylovlar tartibi belgilandi. Unga ko’ra saylovchilar mulkdorlik darajasiga qarab uch toifaga bo’lindi. Bunda shahar ziyolilari, ishchilar va hunarmandlar yetarli miqdorda mulki bo’lmaganligi uchun saylov huquqidan mahrum etildi. 2400 saylovchi ishtirokida o’tgan saylovda shahar Dumasi va boshqarmasi saylandi. Ruslar uchun noiblarning uchdan ikki qismi miqdorida o’rin ajratildi. Shahar boshqaruv faoliyatini nazorat qiluvchi viloyat idorasi tuzildi. Uning raisi Sirdaryo harbiy gubernatori edi. 1888 yilda esa bu vazifa general-gubernatorga yuklandi. Ichki ishlar vaziri huquqi harbiy okrug qo’mondoni zimmasiga yuklandi. Duma oqsoqoli harbiy vazir tomonidan tayinlangan. Toshkent shahar Dumasining oqsoqoli vazifasini 1877-1907 yillarda – shahar boshlio’i – hokim to’raning o’zi boshqardi. 1870 yilda Toshkentda 80 ming aholi bo’lib, ulardan 7 mingi dehqon, 6 ming kishi hunarmand, 4 mingi – savdogar, 4 mingi – mardikor kishilar edi.
Chor ma’murlari dastlab yer-suv ishlari bilan shug’ullanmadilar. Istilo vaqtida o’lkadagi yer-suv davlat mulki, vaqf va xususiy mulkdan iborat bo’lgan. Xo’jalik yuritishning asosini dehqonchilik va chorvachilik tashkil kilgan. Sun’iy sug’orish uning negizi hisoblangan. 1873 yilda Kaufman rus podshosiga yer-suvga egalik qilishni o’zgartirish to’g’risidagi loyihasini taqdim qiladi. Unga ko’ra amlok yerlar uni ishlatib turgan kishilar tasarrufiga o’tishi zarur edi. Lekin bu qoidani vaqf yerlarga joriy etish taklifi rad etiladi. Yer-suv masalasini Kaufman ko’proq o’z bo’yniga olib, juda ko’p yerlar davlat ixtiyoriga olindi, mulkiy va vaqf yerlarga soliq joriy qilindi. 1886 yilda Turkistonni boshqarish to’g’risida yangi Nizom joriy qilib, uning asosiy maqsadi yerli aholi zodagonlarini zaiflashtirishdan va mustamlakachilarni esa kuchaytirishdan iborat bo’lgan. Qisqasi, bu tadbirlar natijasida harbiy-feodal yer egaligi tugatildi. Qishloqlarni boshqarish uchun ko’chmanchi aholiga ikki bosqichli (volost va ovullar), o’troq aholiga esa bir bosqichli (oqsoqollar) boshqaruvchi joriy qilindi. Volost asosini ming xonadondan ikki ming xonadongacha, ovul jamoalarini esa yuz o’tovdan ikki yuz o’tovgacha aholi tashkil kilgan. Chorizm bu o’zgarishlar bilan ko’chmanchi aholining urug’chilik asosidagi tarihiy bo’linishini bekor qildi. 1886 yildagi «Nizom»ga ko’ra o’troq aholining bir bosqichli boshqaruvchi ikki bosqichga aylantirilib, oqsoqollar volostlarga birlashtirildi. Ovul jamoalari va oqsoqolliklar vakillari yig’ini barcha saylovchilar yig’ini bilan almashtirildi.
Turkiston shaharlarida polismeyster lavozimi joriy etilgandi. U huquq jihatidan tumanboshilarga tenglashtirilgan. Ularga politsiya pristavlari bo’ysungan. Mahalliy ma’muriyat – volost boshqaruvchilari va oqsoqollari ham quyi politsiya zobitlari vakolatlari huquqlariga ega bo’lib, ularga yollangan mirshablar xizmat qilgan. Mustamlakachilik ma’muriyatining muhim huquqiy bo’yinlaridan biri sud organlari hisoblangan. Sudlar ikki ko’rinishga ega bo’lib, sudlar va xalq sudlaridan tashkil topgan. Ularning birinchisi mustamlakachilik shaklida bo’lsa, xalq sudlari shariat asosida ish yurituvchi qozilik idorasi edi. Sudlar hududiy ko’rinishga ko’ra, tuman sudlari, xalq palatasi huquqidagi viloyatlar boshqarmalari, dunyoviy masalalar bo’yicha ish yurituvchi sudlar qurultoylari, harbiy sud komissiyalari joriy etildi. 1886 yilgi «Nizom»ga ko’ra mavjud sud tartiblari saqlangan holda unga ayrim o’zgarishlar kiritildi. Tuman sudlari bekor qilindi. O’lkada viloyat sudlari joriy qilindi. Viloyat prokuror va uning muovini, sud tergovchisi lavozimlari joriy qilindi. Imperiya sudida mustamlakachilik tuzumiga qarshi maqsadlarda sodir etilgan «jinoyatlar» ko’rilgan. Uning asosiy vazifasi mahalliy xalq orasidan chiqqan vatanparvarlarning davlat hokimiyatini zaiflashtirish, hokimiyatga qarshi siyosiy jinoyatchilikning ustidan hukm chiqarish edi. Rus imperiyasi Davlat Kengashi tomonidan sud islohoti tizimlari 1893 yil 2 iyunda tasdiqlandi. Toshkent shahrida sud palatasi, viloyatlarda okrug sudlari ta’sis qilindi. Toshkent sud palatasi o’lkaning barcha sud organlari faoliyatini boshqarar va nazorat qilardi. Chor hukumatining siyosiy tusga ega bo’lmagan barcha fuqarolik ishlari shariat va biy sudlariga topshirilgan. Mustamlakachilar shariat qonun-qoidalaridan istibdod negiziga qurilgan o’z tuzumlarini barqaror qilishda unumli foydalanganlar. Shu maqsadda uni uch xil qilib tuzishgan. Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona va Yettisuv viloyatlarining o’troq aholisi uchun qozi sudi, shu viloyatlarning ko’chmanchi aholisi uchun biy sudlari hamda Kaspiyorti viloyati uchun maxsus xalq sudlari faoliyat ko’rsatgan. Chorizm harbiy kuch bilan o’lkani uzoq ushlab turishi mumkin emasdi. Shu bois u Turkistonda assimilyatsiya, ya’ni ruslar bilan mahalliy aholini aralashtirib yuborish siyosatini yurgizdi. Uning bosh maqsadi Turkistonda doimiy yashaydigan rus va slavyan aholini yuzaga keltirishdan iborat tadbirlarni amalga oshirish zarur edi. Bu podshoning ko’chirish siyosatidan boshlandi. Ko’chirish siyosati Turkiston general-gubernatorligi tashkil bo’lgan 1867 yildayoq boshlangandi. Yettisuvda 1869-1682 yillarda 25 ming aholini o’z ichiga olgan 29 ta rus qishlog’i, Sirdaryoda esa 13 ming aholisi bo’lgan 19 ta rus qishlog’i tashkil etildi. 1910 yilda Turkistondagi Sirdaryo, Samarqand va Farg’ona viloyatlarda 124 ta rus qishlog’i bo’lib ularda 70 mingga yaqin rus aholisi yashardi.
Chor ma’murlari o’lkaga ko’chib kelgan kishilarni qurollantirib, mahalliy aholidan o’zlarini «himoya» qilmoqchi bo’lgandi. Ayniqsa ko’chib kelgan rus kazaklariga qurol sotish kuchayadi. O’lkada temir yo’l qurilishining amalga oshirilishi ham mustamlakachilikdan iborat iqtisodiy va harbiy strategiya maqsadlarini ko’zlab amalga oshirilgandi. Temir yo’lsiz katta hududni ko’lda saqlash va o’lkaning katta boyliklarini olib ketish mumkin emasdi. 1888 yil noyabridan Zakaspiy temir yo’l qurilishi boshlandi. Bu yo’l Qizil Arvot va Ashhobod orqali o’tkazilib, Samarqandga yetkazildi. 1888 yil 15 mayida bu yerga birinchi poyezd keldi. U 1889 yilda Mari va Kushka orqali o’tkazilib, o’sha yili Toshkent hamda Andijonga yetkazildi. 1900 yilda Orenburg – Toshkent temir yo’l qurilishi boshlandi. 1905 yilda unda birinchi poyezd qatnadi. Temir yo’l qurilishining ishga tushirilishi o’lkada dastlabki sanoat korxonalarining paydo bo’lishiga turtki bo’ldi. Bu korxonalar rus kapitalistlari uchun Turkiston hom ashyosini tayyorlashga xizmat qildi. Shu bois bu yerda paxtani dastlabki qayta ishlash bilan bog’liq sanoat korxonalari tashkil etildi.
Birinchi paxta tozalash zavodi 1879 yilda Toshkentda savdogar Nazarov tomonidan ishga tushirildi. Shunday ikkinchi zavod 1885 yilda Andijon uyezdida savdogar Ho’jayev, uchinchisi esa Toshkentning Ko’kcha dahosida savdogar Isabek Hakimbekov tomonidan qurildi. 1867-1900 yillar orasida Turkistonda ishga tushirilgan 170 korxonaning 70 tasi Farg’ona viloyatida edi. Endi yog’ ishlab chiqaruvchi korxonalar paydo bo’ldi. Choy qadoqlash, aroq-vino ishlab chiqaruvchi korxonalar ham paydo bo’ldi.
Rus kapitalistlari yer osti boyliklarini qazib olib ketishga ham e’tibor bera boshladi. Romanov va Semichevlar Qo’qon tumanida toshko’mir, D. Petrov va G. Aleksandrov esa Qamishboshi va Laqqon qishloqlarida 25 ta neft konlarini ishga tushirdi. Yangi zavod va fabrikalar ish boshladi. Birgina Qo’qonning o’zida 16 ta aksioner va yirik savdo firmalari ochilgan edi. Rossiya sarmoyadorlari Turkistondagi tabiiy boyliklarni talashga xizmat qiluvchi korxonalar tarmog’ini keng quloch yoydirishdi. Bu ishda ular mahalliy xalqlarning boy va savdogarlari bilan kelishib ish ko’rdilar. Ammo mustamlakachilar Turkiston o’lkasida hech qachon tom ma’nodagi og’ir sanoat mahsulotlari ishlab chiqadigan korxonalarni qurishga e’tibor bermaganlar. Mustamlakachilar qanchalik boyib borsa, arzon ishchi kuchi bo’lgan mahalliy aholi shunchalik kambag’allashib, qashshoqlashib borardi. Dehqonlar og’ir shartlar asosida qarz olardi, qarzini to’lay olmay o’ziga tegishli yerini sotib, yersiz qolardi, mardikorlik, chorikorlik qilishga majbur bo’lardi. Natijada yer egalari qo’lida yollanib batraklik qilishga yoki yangi ochilayotgan korxonalarga arzimagan ish haqi evaziga ishlashga majbur bo’lardi. Yerni Rossiya banklari yoki puldor mahalliy boylar sotib olardi. Shu tariqa, o’lkada 90-100 gektarcha sug’oriladigan yeri bo’lgan boy xo’jaliklar vujudga keldi. XX asr boshlaridagi ma’lumotlarga ko’ra o’lka aholisining 70 foizi kambag’al va qashshoqlar, 1,7 foizi o’rta hol, 13 foizi o’ziga to’q, boy oilalar hisoblanardi. Rossiyalik sarmoyadorlar o’lkada paxta tozalash, yog’ va spirt ishlab chiqarish, pivo, tamaki, un, qand, sovun, g’isht, ko’n, mis eritish, jun yuvish, oxak qizdirish zavodlari va oziq-ovqat korxonalari qurib, ulardan mo’may daromad olishni yo’lga qo’ydilar. 1908 yilda o’lkada 378 ta sanoat korxonalari faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, 1917 yilda ularning soni Buxoro amirligi Xiva xonligida qurilgan korxonalarni ham qo’shib hisoblaganda 1200 taga yetgan. Bu jarayon aholining tabaqalanishiga ta’sir etib milliy burjuaziya va ishchilar sinfi vujudga keldi. 1914 yilgi ma’lumotlariga ko’ra, o’lkada 49,5 ming ishchi bo’lib, ulardan 25,5 minggi sanoatda, 24 minggi temir yo’l va unga xizmat qiluvchi ustaxonalarda ishlagan. Mahalliy ishchilarga rossiyalik ishchilarga nisbatan 2,5-3,5 baravar kam ish haqi to’langan. Turkiston Rossiyaning jahon bozorlarida o’tmaydigan tovarlari sotiladigan bozorga aylantirildi. Rossiya imperiyasi Turkiston xalqini ma’naviy-madaniy tutqunlikka solish, o’zining uzoqqa mo’ljallangan manfaatiga bo’ysundirish siyosatini yuritdi. Uning mohiyati, mazmuni mahalliy xalqni milliy, tarixiy ildizlaridan uzib tashlash, xalqning ma’naviy, madaniy, tarixiy merosini yo’q qilish, xullas ruslashtirishdan iborat edi. Farg’ona harbiy gubernatori Skobelev shunday deb yozadi: «Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo’k qilsang bas, tez orada o’zi tanazzulga uchraydi». Turkistonda mustamlakachilar ana shunday siyosat olib bordi. Turkistonning noyob tarixiy, ma’naviy, madaniy boyliklari talon-taroj qilindi. 1870 yilda Toshkentda ochilgan Xalq kutubxonasi va 1876 yilda tashkil topgan Toshkent tabiat muzeyida o’lkaning ma’naviy-madaniy hayotini aks ettiruvchi oltin, kumush, misdan yasalgan qimmatbaho buyumlar, gilamlar, amaliy san’at namunalari, tarixiy yodgorliklar, arxiv xujjatlari, qo’lyozma kitoblar va boshqalar to’plandi. Ular ko’rikdan o’tkazilib, qimmatbaho va nodir deb hisoblanganlari Peterburg va Moskvaga tashib ketildi. San’at darajasida ishlangan Muhammad Rahim taxti, Amir Temur maqbarasining naqshinkor darvozasi, undagi bitimlar, oynalar, oltin koshinlar, Ahmad Yassaviy maqbarasidagi naqshinlar, katta qozon («Nazir niyoz qozoni») shular jumlasidandir.
Islom diniga e’tiqod, masjid va madrasalar oyoqosti qilina bordi. Rossiya ma’murlari musulmon muassasalari, madrasa ishlariga aralashib, ularning faoliyatini tobora cheklab bordi. Maorif va madaniyat sohasida ruslashtirish siyosati yuritiladi. Turkistonlik bolalarni ruslar bilan aralashtirib o’qitish va tarbiyalash g’oyasi ilgari surildi. 1884 yilda Toshkentda dastlab rus-tuzem maktabi ochildi. XIX asr oxirida ularning soni yuztadan ortiq bo’ldi. Bu maktablarda bir vaqtning o’zida rus va o’zbek o’qituvchilari mashg’ulotlar olib boradigan bo’ldi. Maqsad mahalliy yoshlarga rus tilini, ruscha yashash tarzini singdirishdan iborat edi. Yerli aholi farzandlarini qiziqtirish uchun rus-tuzem maktablarini bitirganlarni, rus tilini bilganlarni mahalliy ma’muriy organlarga, boshqaruvga ham jalb qildi. Asta – sekinlik bilan o’lkada ish yuritish ham rus tiliga o’tkazila bordi. Bu tadbirlardan maqsad ruslashtirishdan iborat bo’lgan. Mustamlakachilarning yerli aholi turmushiga ma’naviy-ruhiy tazyik o’tkazish dasturida o’lka xotin-qizlarini ruscha hayot tarziga o’tkazishga alohida ahamiyat berdi. Shu maqsadda shaharlarda xotin-qizlar ambulatoriyalari tashkil etilib, ularda rus shifokorlari faoliyat ko’rsatdi. Ambulatoriyada ayollarga zaruriy tibbiy maslahatlar, tibbiy yordam ko’rsatildi, bu, albatta ijobiy hol. Shu bilan birga, ayollarga ruscha hayot tarziga o’tish, ularning farzandlari tarbiyasiga pravoslavcha ta’sir etish, paranji zulmidan xalos bo’lish, «ochilish» zarurligi to’g’risida tashviqot va targ’ibot ham qilinardiki, bu sekin-sekin salbiy ta’sir ko’rsatardi.
Chorizmning Turkiston xalqlariga nisbatan yurgizgan mustamlakachilik, ulug’ davlatchilik va shovinistik siyosati konuniy suratda mahalliy aholining milliy ozodligi, erki va insoniy hak-hukuklarini himoya qilish uchun muqaddas jangga otlantirdi. «O’rta Osiyoning Rossiyaga ixtiyoriy qo’shilganligi» g’oyasining tarafdorlari xalq ommasining chorizmga va uning mustamlakachilik zulmiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonlarini soxtalashtirib, go’yo bu qo’zg’olonlar Rossiyaga qarshi emas, balki mahalliy amaldorlarga, din peshvolari va ulamolarga qarshi ko’tarilgan deb «isbotlamokchi» bo’ldilar. Tarix shuni ko’rsatadiki, aslida chorizm tomonidan asoratga solingan, mustamlaka qilingan xalqlar dastlabki kunlardan boshlab o’z mustaqilligi, ozodligi uchun milliy-ozodlik kurashini olib borganlar:
-Qozog’iston mintaqasida 1783-1793 yillarda Sirim Botir qo’zg’oloni;
-1822-1823 yillarda Jo’lamo Tilamchi qo’zg’oloni;
-1836-1838 yillarda Isatoy Toyman qo’zg’oloni;
-1837-1843 yillarda Sulton Kenasarin qo’zg’oloni;
-1856 yilda Sirdaryoda Jonho’ja Nurmuhammad qo’zg’oloni;
-1868 yilda Samarqand mudofaasi va Buxoro amirligi, Buxoro shahri;
-1871 yilda Esxon Eshmuhammad qo’zg’oloni;
-1871 yilda Yetimxon qo’zg’oloni;
-1872 yilda Chirchiqdagi isyon;
-1873-1876 yillarda Po’latxon boshchiligidagi Qo’qon xonligida qo’zg’olon;
-1892 yildagi Toshkentdagi qo’zg’olon;
-1898 yildagi Andijon Dukchi Eshon boshchiligidagi qo’zg’olon;
-1899 yilda sodir bo’lgan Sirdaryodagi harakatlar va boshqalarni kiritish mumkin. 1887-1897 yillarda jami bo’lib Farg’ona, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida mustamlakachilar siyosatiga qarshi 663 marta harakatlar bo’lganligi ma’lum. Farg’onadagi vaziyatdan cho’chigan viloyat harbiy gubernatori Veryovskiy ahvolidan ko’z-quloq bo’lib turish uchun Markaziy hukumatga mahfiy siyosiy politsiya xizmatini tashkil etish taklifini ilgari suradi. Uni tashkil etishni o’z mablag’i hisobidan amalga oshiradi. O’lkaning oliy harbiy – siyosiy doiralari tobora kuchayib borayotgan norozilik to’lqinini pasaytirish uchun ta’sirchan vosita izlay boshladi. Politsiya va harbiy kuchlar uchun 5,5 mln so’m sarflandi.
1892 yil boshida Toshkentda bo’lib o’tgan «vabo isyoni» eng yirik xalq qo’zg’olonlaridan biri edi. U Toshkentda boshlanib, unga 2 mingdan ortiq kishilarning yostig’ini quritgan vabo kasaliga qarshi mustamlakachi ma’murlar ko’rgan choralar sabab bo’ldi. Iyun oyida Toshkentda vabo tarqaldi. Shahar ma’murlari shoshilinch choralar ko’rib, vabodan o’lganlarni shahardagi 12 ta qabristonga ko’mish man etiladi, shahar tashqarisida 4 ta qabriston ochilishi rejalashtiriladi. Lekin shundan bittaginasi ishga tushiriladi. Shahardan chiqish va kirish qattiq nazorat ostiga olinadi. Shaharda vabo kasaliga uchraganlarni yo’k qilar ekan, degan gap tarqaladi. Lekin ma’muriyat aholi o’rtasida yetarli tushuntirish ishlarini olib bormadi. Kelishilgan 4 ta qabristondan bittaginasi ochilgani bois o’lganlarni ko’mish ishlari cho’ziladi. Aholi eski qabristonlarga ko’mishga majbur bo’ldi. Politsiya buni hisobga olmay hibsga ham ola boshladi, qabristonni ochib, o’lganlarning ruhi haqorat qilindi. Shunday sharoitda shaharning eng taniqli kishilaridan Azizyor Eshon, Abulqosim Ho’ja, bozor oqsoqoli Ziyomuhammad va boshqalar boshchiligidagi mingga yaqin kishi shahar mahkamasi boshlig’i Putinsev va eski shahar oqsoqoli Muhammad Yokub bilan to’qnashishdi. Ular aholini tinchitish o’rniga dag’dag’a qildi, qo’rqitmoqchi bo’ldi. Xalq oqsoqol ustiga tosh yog’dira boshladi. Oqsoqol shahar hokimi idorasiga yashirinishga ulgurdi. Ana shu bilan «Toshotar» voqeasi boshlandi. Putinsev qo’lidagi qurolini ishlatmoqkchi bo’ldi, oqsoqolni himoya qildi. Sabr kosasi to’lgan xalq o’ylab ham o’tirmay hokimga qarshi harakatga o’tdi, Putinsev va uning mirshablarini do’pposladilar, haloyiq mahkamani tezda ostin-ustin qilib tashladi. Qurollangan soldatlar kelganidan keyin xalq ayamay o’qqa tutildi; o’n kishi o’ldirildi va yaralandi. O’lganlarning hisobiga ham yetib bo’lmadi, lekin bir kun o’tganidan keyin Anhordan 80 dan ortiq o’lganlar jasadi olindi. Qo’lga olingan 60 kishi esa hibsga solindi. Bu zo’ravonlik ham xalqning ozodlik harakatini to’xtata olmadi. 1898 yilda Andijon yaqinidagi Mingtepada bo’lgan qo’zg’olonni davomi deyish mumkin. Unga shu qishloqda yashovchi Ali Eshon boshchilik qildi. U otasining ishini davom ettirib duk yasardi, shuning uchun uni Dukchi Eshon ham deyishadi.
XIX asr ohiri – XX asr boshlarida Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida jadidchilik harakati keng kuloch yoyib rivojlandi. «Jadid» so’zi arabcha bo’lib, yangi usul degan ma’noni anglatadi. Ammo jadidchilar harakati faqat madaniy-ma’rifiy harakat, ya’ni eski maktablarning qiyin o’qitish tizimiga nisbatan yangi usuliga asoslangan yangi metod asosidagi o’qitishga o’tishdangina iborat emasdi. U ayni chog’da keng, chuqur mazmundagi ma’naviy-ma’rifiy milliy taraqqiyot va milliy istiqlol muammolarini ham o’z ichiga olgan edi. Bu harakatning yuzaga kelishida O’rta Osiyoning o’zidagi demokratik harakatdan tashqari O’rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida keng quloch yoyib rivojlangan falsafiy-diniy oqimlar va Turkiyadagi «Ittihod va Tarakkiy», «Yosh turklar» harakatining ta’siri ham katta bo’ldi. Turkistonda o’rnatilgan mustamlakachilik XIX asr ohiri – XX asr boshlarida kuchayib, chorizm mahalliy aholini iqtisodiy jihatdan talash, ezish bilan birga ularni jaholatda, savodsizlikda tutib turli, ma’naviy qashshoqlantirishga intildi. Mustamlakachilar shu maqsadda o’lkaga chinovniklar, harbiy, bankirlar, savdo-sanoatchilar, muhandis-tehniklar, ruxoniylar, ilmiy kuchlar, ishchilar, mujiklardan iborat malaylarini safarbar etgan edilar. Biroq ular qanday urinmasin mahalliy aholining ozodlik uchun intilishini so’ndirolmadi. Tarixiy vaziyat millat ravnaqini o’ylovchi ziyolilar mahalliy burjuaziya vakillari ulamolar orasidan xalqni uyg’otish, milliy ongini oshirish, birlashtirish uchun kurashuvchi kuchlarni tayyorlab yetishtirdi.
Sharq bilan G’arbni taqqoslab, musulmonlar va turkiylar dunyosi, xususan Rossiya tassarrufidagi musulmonlarning jahon taraqqiyotidan uzilib qolayotganini qrim-tatar farzandi Ismoil Gaspirali (1851-1914) birinchi bo’lib angladi. U turkiy xalqlardagi jaholatni yo’q qilish, ma’naviyat-ma’rifat orqali taraqqiy topgan mamlakatlar darajasiga qo’qitish harakatini boshlab berdi. U maorifni isloh qilish, maktablarda dunyoviy fanlarni o’qitish masalalarini ko’tardi. Gaspirali 1884 yilda Qrimdagi Bokchasaroyda birinchi jadid maktabiga asos soldi. U tashkil qilgan maktab o’quvchilari uchun o’quv dasturi tuzdi va darsliklar yozdi. 40 kun ichida 12 ta o’quvchining savodini chiqarib, tezda shuhrat qozondi. «Tarjimon» gazetasini chiqarib, o’z g’oyalarini tarqata boshladi. 1888 yilda «Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo’ldosh» kitobini nashr etib, jadid maktablarining qurilishi, dars o’tish mazmuni, jihozlanishi, sinov va imtixonlar olish usullarini ko’rsatdi. Ismoil Gaspirali g’oyalari Turkiston, Buxoro amirligi va Xiva xonligiga ham kirib keldi. U 1893 yilda O’rta Osiyoga kelib, ilg’or ziyolilar bilan uchrashdi. Buxoro amiri huzurida bo’lib, bitta jadid maktabi ochishga rozilik oldi. Ana shundan keyin Turkiston ziyolilari jadidlar g’oyasini qo’llab maorifni isloh qilish, «usuli jadid» maktablarini ochishga kirishdilar. 1898 yilda Qo’qonda Salohiddin domla, 1899 yilda Andijonda Shamsiddin domla va Toshkentda Mannon kori jaded maktablariga asos soldilar. 1903 yilda Turkistonda 102 ta boshlang’ich va 2 ta o’rta jadid maktablari faoliyat ko’rsatdi. O’rta Osiyoda jadidchilik harakatining yirik vakillari: Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudho’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho’lpon, Ubaydullaho’ja Asadullaho’jayev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Fayzulla Ho’jayev, Ahmadjon Mahdum, Abdulvohid Rafiy va boshqalar edi. Talabalarga Turkiston tarixi, turkiylar tarixini o’rganishga alohida e’tibor berildiki, bu ularning milliy ongini uyg’otishga, jamiyatni etnik jihatdan birlashtirishga xizmat qilardi. M.Behbudiyning «o’z urug’ining otini bilmagan, yetti otasini tanimagan qul-manqurtdir» degan so’zlari talabalarni milliy o’zligini anglashga chaqirar edi. Munavvar Qorining «Adibi avval», «Adibi soniy», M. Behbudiyning «Kitobatul atfol», «Bolalar maktubi», «Muhtasari tarixi islom», «O’g’g’rofiya», A. Avloniyning «Adabiyot», «Birinchi muallim», «Turkiy guliston», «Maktab gulistoni» kabi darsliklari milliy maktab va milliy tarbiyani yuqori saviyaga ko’tarishga xizmat qildi.
Jadid maktablarida har tomonlama bilimli, ma’naviy yetuk, o’z xalqining tarixini va dunyo ishlarini yaxshi o’zlashtirgan kadrlar tayyorlab chiqildi.
Jadidlar yoshlarni chet ellarga o’qishga yuborish tashabbusi bilan chiqdilar. Boy tabaqalarning ilg’or vakillari bu tashabbusni ma’qullab, tegishli mablag’ bilan ko’maklashdilar. Ko’pgina umidli yoshlar Germaniya, Misr, Turkiya va Rossiyaning markaziy shaharlariga o’qishga yuborildi. 1910 yilda Buxoroda muddaris Hoji Rafiy va boshqalar «Bolalar tarbiyasi» hayriya jamiyatini tashkil etib, 1911 yilda 15 ta, 1912 yilda 30 ta talabani Turkiyaga o’qishga jo’natdi. 1909 yilda Munavvar Qori tuzgan «Jamiyati hayriya» ham miskin va ojiz talabalarga yordam berar, yoshlarni chet elga o’qishga yuborishga yordamlashardi. Jadidlar Turkistonda milliy matbuotga asos soldilar. Ularning sa’y-harakatlari natijasida Turkistonda turli davrlarda: «Hurshid» («Kuyosh») (1906), «Osiyo», «Turon», «Sadoi Turkiston», «Turk eli», «Najot», «Kengash», «Ulug Turkiston», «Sho’roi Islom», «Oyna», «Hurriyat», «Buxoroi Sharif», «Sadoi Farg’ona», «Tirik so’z», «Yurt», «Farg’ona nidosi», «Farg’ona sahifasi», «Samarqand» kabi gazeta va jurnallar nashr etildi. M.Behbudiy 1913 yilda «Samarqand» gazetasi va «Oyna» jurnalini chiqara boshladi. U «Nashriyoti Behbudiya» xususiy nashriyotini, uning huzurida «Kutubxonai Behbudiya»ni tashkil etdi. Gazeta va jurnalda millat va ona yurt dardi, xalqni ma’rifatli qilish, erkinligini ta’minlash masalalariga bagishlangan dolzarb maqolalar chop etildi. Ular chor Rossiyasi tasarrufidagi turkiy xalqlarga, Eron, Afg’oniston, Hindiston, Turkiyagacha yetib borardi. Taraqqiyparvar o’zbek ziyolilarining yetakchisi Asaddulla o’g’li Ubaydullaxo’ja 1913 yilda «Taraqqiyparvar» nomli ziyolilarning firqasini tuzadi va 1914 yilda firqaning «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg’ona» gazetalari chiqariladi. Bu gazetalar sahifalarida e’lon qilingan maqolalar xalqni mustabid tuzumga qarshi qo’zg’atishga xizmat qiladi.
Jadidlar milliy teatrga ham asos soldilar. Munavvar Qori rahnamoligida 1913 yilda musulmon drama san’ati havaskorlari jamiyati – «Turon» truppasi tuzildi. 1914 yil 27 fevralda Toshkentda «Kolizey» teatri binosida o’zbek milliy teatrining birinchi rasmiy ochilishi marosimi bo’ldi. Munavvar Qori o’zbek milliy teatrining birinchi pardasini ochar ekan shunday degan edi. «Turkiston tilida hanuz bir teatr o’ynalmaganligi barchangizga ma’lumdir… Teatrning asl ma’nosi «ibratxona» yoki «ulug’lar maktabi» degan so’zdir. Teatr sahnasi har tarafi oynaband qilingan bir uyga o’xshaydirki, unga har kishi kirsa o’zining husn va qabihini, ayb va nuksonini ko’rib ibrat olur». O’sha kuni sahnada M. Behbudiyning «Padarkush» pyesasi namoyish etildi. Unda islom dining Turkistondagi buzilishlari tasvirlanib, tomoshabin e’tiborini najot yo’li – maorif, maorifni esa «poklangan din» bera oladi, degan g’oyaga karatadi. «To’y», «Zaharli hayot», «Juvonmarg», «Bahtsiz kuyov» kabi pyesalarda hotin-qizlarning huquqsizligi, ko’pxotinlilik, majburiy nikoh oqibatlari kabi muammolar ochib tashlanadi. Milliy teatr san’ati odamlarga millatda mavjud bo’lgan qusurlar va ijobiy tomonlarni tushuntiruvchi oyna bo’lib xizmat qildi. Jadidlar matbuoti va teatrida mutassib ruxoniylarning poraho’rligi, axloqsizligi ham qattiq tanqid ostiga olindi. Abdurauf Fitrat «Munozara» nomli asarida Buxoro ulamolarining nodonligi va poraho’rligini ochib tashladi. «Hind sayyohining sarguzashtlari» asarida esa Buxoro, Qarshi va boshqa shaharlardagi iqtisodiy tanazzulga ayrim ruxoniylarning o’z mavqeyini suistemol qilganliklarini asosiy sabab qilib ko’rsatadi.
Jadidlarga, bir tomondan, mutassib ruhoniylar, ikkinchi tomondan, mustamlakachi ma’murlar qarshilik ko’rsatdilar. Mutaassib ruhoniylar jadidlar ko’targan barcha yangiliklarga qarshi chiqdilar. Ular jadidlarni padarkushlar, maktablari haqida esa «bu hil maktabda o’quvchi – talabalar birinchi yili gazeta o’qiy boshlaydi, ikkinchi yili ozodlikni talab qilishadi, uchinchi yili esa janobi oliylarini taxtdan ag’darib turmaga tiqib qo’yishadi» der edilar. Mutaassiblar tarixni tasvirlash, o’qitishni, be’manilik, dahriylik, deb hisoblashdi. M. Behbudiy ularni fosh qilar ekan, Qur’oni Karim ham, Muhammad payg’ambarning hadislari ham tarixga dahldor ekanligini, Qur’oni Karimning chorak qismi tarixiy ma’lumotlardan iboratligini ko’rsatdi.
Mustamlakachi ma’murlar, shuningdek, Buxoro amiri va Xiva xoni jadidlar harakatini jilovlash choralarini ko’rdilar. Ular ustidan nazorat o’rnatar, gazeta va jurnallarni man etib, nashriyotlarini buzib tashlar, kitob do’konlari, qiroatxonalarini yopib qo’yar edi. Jadidlardan o’ng qanot ajralib chiqib reaksion lageriga qo’shildi. Qadimchilar deb atalgan bu guruh Rossiyaning obro’si bizning obro’miz, Xudodan qo’rq, podshohni hurmat qil, podshohlarning amri fuqarolar uchun vojibdir, deb chiqdilar. Ular islohotlarga qarshi chiqib, qadimgi tartibni himoya qildilar. Jadidlar tobora olg’a yurdilar. Mustamlakachilarning jadidlarga nisbatan qo’llagan zo’ravonlik choralari, ularni ma’naviy-ma’rifiy islohotdan siyosiy qarshilik ko’rsatish darajasiga olib keldi. Shu orada dastlabki siyosiy uyushma va firqalar vujudga keldi. XIX asr oxiri – XX asr boshida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik madaniy-ma’rifiy, milliy, ijtimoiy-siyosiy harakat edi. U o’sib mustamlakachilarga qarshi ko’tarilgan milliyozodlik harakatining mafkurasiga aylandi.
1914-1916 yillarda chor ma’murlarining jahon urushi bahonasida milliy mustamlakachilik zulmi va istibdodini ko’paytirganliklari munosabati bilan Turkiston xalqlari kurashga yanada faolroq kirishdilar. 1914 yilning kuzida Sulyukta, ko’mir koni ishchilari, Yettisuv temir yo’li hodimlari va Andijon paxta zavodi ishchilari, 1916 yilda Toshkent va Qizil Arvot temir yo’l parovoz ta’mirlash korxonalari ishchilarining ishtashlash harakatlari Turkistonda kuchli ommaviy larzalar yaqinlashib kelayotganligidan darak berardi. Buning ustiga urushda holdan toydirilayotgan Rossiya o’n minglab o’z askarlarini yo’qotmoqda edi. Ana shu og’ir vaziyatda talvasaga tushayotgan chorizm Oliy Bosh qo’mondonligi shtabi harbiy vazirlikdan «armiya ehtiyojlari uchun salmoqli miqdorda kuch ajratish»ni so’rab qoldi. Bu kuchni harbiy vazirlik mustamlakalardan to’plashga umid bog’ladi. Natijada Rossiya imperatori Nikolay II 1916 yil 25 iyunda Turkiston, Sibir va Kavkazdagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan erkaklarni front orqasidagi xizmatlar uchun safarbar qilish to’g’risida farmon chiqardi.
Turkiston general-gubernatorliga zudlik bilan topshiriqni amalga oshirish buyurilib, Sirdaryo viloyati zimmasiga 87 ming, Samarqandga 38 ming, Farg’onaga 50 ming kishi yuborish majburiyati yuklandi. O’lkada safarbar qilinadiganlarning ro’yxati tuzila boshlandi. Xalq bu tadbirni mardikorlikka olish deb nomladi. Bu xabar tezlikda o’lkaga tarqaldi va uning asosiy yuki mehnatkashlar tabaqasiga tushdi. Mardikorlikka olish ro’yhatlarini tuzish volost boshqaruvlari, oqsoqollar va ellikboshilarga yuklatilgandi. Bular o’z manfaatlari yo’lida foydalanib, ro’yxatga asosan kambag’al, himoyasiz kishilar farzandlarini kiritdilar. Mahalliy boylar katta poralar evaziga boylar va amaldorlar bolalarini mardikorlikdan qoldirib, hatto ularning o’rniga yollash usulini qo’lladilar. Bunday nohaqlik, adolatsizlik va firibgarlik busiz ham biri ikki bo’lmay, nochor hayot kechirayotgan xalq ommasining sabr kosasini to’ldirib yubordi, ular bosh ko’tarishga majbur bo’ldi.
1916 yil 4 iyulda Ho’jand shahrida norozilik namoyishi boshlanib ketdi. Unda dehqonlar, mardikorlar, chorakorlar, ayollar, jami 3000 dan ortiq kishi qatnashib, namoyish «Mardikor bermaymiz!» shiori ostida o’tdi. Politsiya namoyishchilarni bostirishga kirishdi. Namoyishchilar ustiga tosh yog’dirdilar. Harbiy qismdan soldatlar yetib kelib, polisityachilar bilan birgalikda namoyishni bostirdi, ikki kishi o’ldi va bir kishi yarador qilindi. Ho’jand voqeasi butun o’lkaga tarqaldi. 5 iyulda Samarqand uyezdining Urgut qishlog’ida g’azabga kelgan 2000 kishilik dehqonlar volost boshqaruvining mahkamasi oldida to’plandi. Mahkama hodimlari kaltaklandi. O’sha kuni Samarqand uyezdining Siyob, Mahalla, Ho’ja Ahror va Angar volostlarida ham namoyishlar bo’lib o’tdi. 11 iyulda Toshkentda katta g’alayon boshlanib ketdi. Hunarmandlar, ishchilar, shahar kambag’allari va shahar atrofidagi dehqonlar Beshyog’ochdagi politsiya boshqarmasi tomon yo’l oldilar. Bu yerda katta olomon to’plandi. Namoyishchilar «bolalarimizni bergandan ko’ra o’zimiz o’lkanimiz yahshiroq, podsho o’lib ketsin» deya maydonni larzaga keltirdi. Mahalliy aholi faollaridan Yo’lchi Ibrohimov (ko’nchi), G’ulom Kamolov (g’isht teruvchi), ishchi ayol Zuhrabibi Musayeva va boshkalar xalqni podshoh hujjatiga qarshi kat’iy kurash boshlashga da’vat etdilar. «Ur polisiyachilarni!» degan qichkiriqlar bilan boshqarmaga hujum qildilar. Qamal va otishma boshlanganidan bir soat o’tganidan keyin yordamga jazo qo’shini yetib keldi. Kazak qismlar 5 kishini otib o’ldirishdi, 15 kishi yarador bo’ldi. Halok bo’lganlar orasida Zuhrabibi ham bor edi. Qo’zg’olonchilar chekinishdi. Sal keyinroq yana chinakam jang boshlandi. Endi podshoh askarlari chekinishga majbur bo’ldilar, ular boshqarma ichiga kirib olib, barrikada qurib himoyalandi. Polkovnik Saviskiy boshliq jazo otryadi, uning orqasidan kelgan general Galkin kuchlari jangga kirib, qo’zg’olonni bostirishga erishdilar. Toshkent atrofidagi qishloqlardagi dehqonlarning g’alayonlari politsiya va qo’shinlar bilan to’qnashuvga aylandi. Bunday to’qnashuvlar 12 iyulda Yangibozor, To’ytepa qishloqlarida, 14 iyulda Troisk, Xonobod va Pekent qishloqlarida bo’lib o’tdi. Noroziliklar Rossiyaning asosiy paxta yetishtiruvchi hududiga aylangan Farg’ona vodiysida tobora kuchaya boshladi. G’alayonlar Qo’qon shahri, Kattako’rg’on, Rishton, Ganjiravon qishloqlarida ham bo’lib o’tdi! Noroziliklar Rossiyaning asosiy paxta yetishtiruvchi hududiga aylangan Farg’ona vodiysida tobora kuchaya boshladi. G’alayonlar Qo’qon shahri, Kattaqo’rg’on, Rishton, Ganjiravon qishloqlarida ham bo’lib o’tdi. Ularning barchasi ayovsiz bostirildi. 9 iyul kuni Andijon jome masjidida podshoh farmoni o’qib eshittirdi. Aholi yashin tezligida maydonni to’ldirishdi. Xalq «hozir hamma mingboshilar va amaldorlarning boshini kesib tashlaymiz va mol-mulkini yer bilan yakson qilamiz» deb tahdid solib, safarbarlikni bekor etishni talab qildi. Politsiya va kazaklarga qarshi hujum boshlandi. Turkiya olimi Ibrohim Yorkinning ma’lumotlariga ko’ra, 1916 yildagi qo’zg’olonda 1917 yil boshiga qadar taxminan 1,5 mln kishi qatl qilingan. Qo’zg’olon oqibatida Turkiston aholisidan 673 ming kishi o’ldirildi. 300 mingdan ziyod kishi horijga chiqib ketgan. 1mln kishining mol-mulki musodara qilinib, talon taroj etilgan. Aholidagi otlarning 50 foizi, sigirlarning 39 foizi, tuyalarning 55 foizi, ko’yechkilarning 50 foizi o’lgan va musodara qilingan. Hullas, «oq podsho» malaylari Jizzax qo’zg’oloni va o’lka bo’ylab ko’tarilgan qo’zg’olon harakatlari qatnashchilaridan vahshiylarcha o’ch olganlar. Bu harakat jarayonida mustamlakachilar ham katta talofat ko’rdilar. General-gubernator imperatorga yo’llagan mutlaqo mahfiy axborotida 97 ta rus askari o’ldirilib, 86 tasi yarador bo’lganini va 76 tasi bedarak yo’qolganini, 7 ta rus amaldori va rus aholisidan 2325 kishi o’ldirilib, 1384 kishi bedarak yo’qolganini yozadi. Qo’zg’olon o’lkadagi chor Rossiya mustamlakachilik tuzumini tagi bo’sh zaminda ekanligi va uning ustunlari qimirlay boshlanganini ham ko’rsatdi.