CHOYDOSHLAR
CHOYDOSHLAR (Theaceae) — ikki urug’pallali o’simliklar oilasi. Doim yashil daraxt yoki butalardan iborat. Barglari oddiy, chetlari tekis yoki tishli, birin-ketin joylashgan. Yonbargli, ba’zan yonbargsiz. Gullari to’g’ri, ikki jinsli yoki ayrim jinsli. Kosachabarglari 5-7 ta, tojbarglari 5 ta, ba’zan 4 ta. Mevasi ko’sakcha yoki kamdankam rezavor. Hasharotlar, ba’zan shamol yordamida changlanadi. Choydoshlarning 30 turkumi, 400 turi ma’lum, tropik va subtropik mamlakatlarda o’sadi. Choy va Kameliya turkumi katta ahamiyatga ega.