CHU VODIYSI
CHU VODIYSI – Chu daryosi vodiysining bir qismi, daryoning o’rta oqimida. Qirg’iziston va Qozog’iston Respublikalari hududida. Janubi sharqda Bo’o’m darasidan shimoli g’arbda Mo’yinqumning Sharqiy etagigacha boradi. Uzunligi 200 kilometr chamasida, eni Janubi sharqida 15 kilometrgacha, shimoli g’arbida 90-100 kilometr. Balandligi 500-1200 metr. Yer yuzasi daryo qayiri va terrasalaridan iborat. Iqlimi keskin kontinental, quruq. Yiliga 250-400 millimetr yog’in (asosan, bahorda) tushadi. Chu vodiysining deyarli hammasi haydalgan va sug’oriladi, Qo’riq yerlarda bo’z tuproqda chala cho’l va quruq dasht o’simliklari o’sadi. Chu vodiysi Qirg’izistonning asosiy qishloq xo’jalik rayoni (qandlavlagi, kanop yetishtiriladi; bog’dorchilik, tokchilik, g’allachilik rivojlangan). Sug’orish kanallari o’tkazilgan. Chu vodiysi janubida Qirg’izistonning poytaxti va asosiy sanoat markazi Bishkek shahri joylashgan.