CHUST-POP ADIRLARI

CHUST-POP ADIRLARI – Farg’ona vodiysidagi adirlar. Farg’ona botig’ining shimolida. G’arbda Xonobod qishlog’idan boshlanib Sharqda Chust shahri yaqinida tugaydi. Shimolda Olmosvarzik adirorti botig’i, Janubda Chodaksoy, G’ovasoy, Chustsoy va boshqa yoyilma konuslarining qo’shilishidan hosil bo’lgan Sirdaryoga Nishab tekisliklar va Sirdaryo terrasasi bilan chegaralangan. Adirlar g’arbdan sharqqa 38 kilometrga cho’zilgan. Eni 4-5 kilometr. Balandligi g’arbiy qismda 939 metrgacha, sharqida 855 metrgacha. Qurama va Chatqol tizmalaridan boshlanuvchi daryolar (olmos, morguzar, tuzli, murildi, jida) adirlarni kesib o’tgan. Antiklinal tuzilishga ega, neogenquyi to’rtlamchi davrlarning gil, alevrolit, konglomerat, lyosslaridan tashkil topgan. Qishi mo’tadil, yozi issiq, yog’ingarchilik kam. Bo’z tuproqlar tarqalgan, asosan, efemer va efemeroidlar o’sadi. Ancha qismi suv chiqarilib o’zlashtirilgan.