CHUSTIY

CHUSTIY (taxallusi; asl ism-sharifi Xo’jayev Nabixon) (1904.20.2 — Chust shahri — 1983.13.8) — shoir, tarjimon. Chust va Qo’qondagi eski maktab va madrasalarda ta’lim olgan. Alisher Navoiy tavalludining 500 yillik yubileyini o’tkazishga tayyorgarlik munosabati bilan Toshkentga ishga chaqirilgan. Chustiy Muqimiy teatrida adabiy emakdosh (1939-41) va direktor (1941-42). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot fondida direktor (1942-44), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1959-68). Chustiy asosan mumtoz she’riyat yo’lida ijod qilib, g’azal, muxammas, musaddas, murabba’, ruboiy, tuyuq, masnaviylar yozgan. Shoirning bu ijod namunalari uning «Gul mavsumi» (1969), «G’azallar» (1977) to’plamlari va «Hayotnoma» (1988), «Sadoqat gullari» (1992), «Ko’ngil tilagi» (1994), «Ko’rguncha xayr endi» (2004) devonlarida nashr etilgan. Turli yillarda yaratilgan «Tirik jannatga kirgan kampir», «Kiyiknoma», «Bog’i Eram» dostonlari ham bor. Chustiy ayniqsa 2-jahon urushi yillarida faol ijod qilgan. Vatanparvarlik va qahramonlik mavzularidagi «Shamshir», «Lolazor», «Hayot zavqi», «Qo’zg’ol», «Jasur oila» she’riy to’plamlari, «Zafarnoma» dostoni, «Davron ota» (K. Yashin va S. Abdulla bilan hamkorlikda),»O’zbekiston qilichi», «Qurbon Umarov», «Qo’chqor Turdiyev» (S. Abdulla bilan hamkorlikda), «Qasos» (A. Umariy va Tuyg’un bilan hamkorlikda) sahna asarlarini yaratgan. Chustiyning ishqiy va axloqiy mavzudagi ko’plab g’azal, muxammas, murabba’lari qo’shiqlarga aylanib, taniqli hofizlar tomonidan kuylab kelinadi. Chustiy o’zbek mumtoz she’riyatining ulkan namoyandalari Navoiy, Fuzuliy, Nodira, Furqat va boshqalarning an’analarini davom ettirish bilan birga ularning eng yaxshi g’azallariga taxmislar bog’lagan. Shuningdek, u mumtoz va zamonaviy fors adabiyotining mashxur vakillari Sa’diy, Hofiz, Xusrav Dehlaviy, Sobir Termiziy, Mirzoda Ishqiy, Ja’far iftixor, Parvin E’tisomiy va boshqalarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. 4 jildli «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati»ni (1—2j., T., 1983) tuzishda faol ishtirok etgan. Toshkent, Chust, Qo’qon, Namangan shaharlaridagi ko’cha, maktab, kutubxona, kinoteatr va jamoa xo’jaliklari Chustiy nomi bilan ataladi. 2004 yil iyun oyida Chustiy tavalludining 100 yilligi nishonlandi. As: gul mavsumi, T., 1969; Hayotnoma, T., 1988; sadoqat gullari, T., 1992; Ko’ngil tilagi, T., 1994; ko’rguncha xayr endi, T., 2004. Ad.: Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham, Namangan, 1994; Qalblardasiz Mavlono Chustiy, Namangan, 2004.