DADAYEV QAHRAMON

DADAYEV QAHRAMON (1936.15.12, Toshkent) — sozanda (doira), O’zbekiston xalq artisti (1977). Glier nomidagi Respublika musiqa maktabi, Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtida ta’lim olgan. Doira ijrochilik an’analarini O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist T. Inogomov va G’. Inogomovlardan o’rgangan. Toshkent xoreografiya bilim yurti (1953-54), O’zbek davlat estradasi (1954-57), «Bahor» raqs ansambli (1957-97) da sozanda, mazkur ansambl tashkilotchilaridan. M. Turg’unboyeva, I. Oqilov, E. Baranovskiy va Q. Mirkarimovalar bilan «Uchrashuv», «Havaskor», «Salom» kabi xoreografik kompozitsiyalar hamda «Pilla», «Zang», «Katta o’yin», «Larzon», «Cho’pon», «Farg’onacha», «Farg’ona ruboiysi», «Buxorocha», «Xorazmcha» kabi o’nlab raqslarni sahnaga qo’yish va yaratishga katta hissa qo’shgan. Ayniqsa, o’ziga xos tarzda, bir yo’la 2-3 doirada yakka ijro etgan «O’zbek doira usullari» turkumi, katta artistik mahorat bilan ijro etgan doira o’yin («Havaskor», «Qo’g’irchoq» kabi) lari mashhur. T. Sayfiddinov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar aka-uka Islomovlar, H. Rasulov, H. Azimov va boshqalar Dadayev shogirdlaridir. 80 dan ortiq mamlakatlarda gastrolda bo’lgan. 6-Jahon yoshlar festivali laureati (1957, Moskva), sobiq Ittifoq Davlat mukofoti laureati (1973). Dadayev haqida «O’zbektelefilm» studiyasida «qahramon Dadayev chaladi» nomli film suratga olingan (1983, rejissyor Sh. Bizatov).