DALA TAJRIBASI

DALA TAJRIBASI — dala sharoitida ishlab chiqarish sharoitlariga yaqinlashtirib o’tkaziladigan eksperimental agronomic tadqiqot; ekin etishtirishning barcha sharoitlarini hisobga olgan holda tajriba maydonida o’tkaziladi. Bunday tajribalarda ekinlarni yetishtirishning u yoki bu omillari hamda usul-amallari va bu omillarning birgalikdagi ta’siri chuqur o’rganiladi. Dala tajribasida ayrim omillarni batafsil o’rganish aksariyat tadqiqotning boshqa usullari bilan birgalikda olib boriladi. Dala tajribasi Agronomiya fani yutukdarini qishloq xo’jalik amaliyoti bilan mustahkam bog’laydi. Dala tajribasi uslubiyoti qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining zamonaviy darajasiga mos bo’lishi kerak. Chunki tajribaning ilmiy qimmati va ishlab chiqarishga joriy etilishi shunga bog’liq. Dala tajribasida o’simliklar hosili miqdorini hisobga olish, tajribada o’rganilayotgan sharoitlar yoki ekinlarga ta’sir ko’rsatish usullari bilan hosil miqdori va sifati o’rtasidagi bog’lanish aniqlanishi shart. Tajriba fenologik kuzatuvlar bilan birga olib boriladi. Dala tajribasi qisqa muddatli, ko’p yillik va uzoq muddatli bo’lishi mumkin. Qisqa muddatli tajribalar 3 yildan 10 yilgacha, ko’p yillik tajribalar 10-15 yil, uzoq muddatli tajribalar 50 va undan ortiq yil davom etadi. Ko’p yillik va uzoq muddatli bir yoki ko’p omilli doimiy tajribalar ekinlarni etishtirishda qo’llaniladigan yangi texnologik usullarning tuproqdagi suv-fizikaviy, kimyoviy hamda biologik jarayonlarga, tuproq unumdorligi, ekin hosili va uning sifatiga qanday ta’sir kursatishi va qanday oqibatlarga olib kelishini chuqur o’rganishga imkon beradi. Paykalning katta-kichikligi va takroriylik Dala tajribasining aniqligini belgilab beradigan muhim omillardir. Sug’oriladigan sharoitlarda agrotexnika tajribalari, odatda, kamida 4 marta takroriylikda o’tkaziladi, ma’lumotlarni matematik tahlil qilishga imkon beradigan aniq natijalar olishga erishiladi.