DALLAS
DALLAS — AQSh Janubidagi shahar, Texas shtatida. Triniti daryosi bo’yida. Aholisi 1188 ming kishi (2000). AQSh ning paxtachilik va chorvachilik rayonlari chegarasida joylashgan. Transport yo’llarining muhim tuguni. AQSh Janubidagi yirik savdo-moliya va neftgaz sanoati markazi. Dallasda neft sanoati va paxta tozalash korxonalari uchun uskunalar ishlab chiqariladi. Neftni qayta ishlovchi, kimyo (sovun, sintetik kir yuvish vositalari ishlab chiqarish), oziq-ovqat, paxta tozalash, ip gazlama, tikuvchilik korxonalari bor. Samolyotsozlik, avtomobilsozlik, radioelektronika, aviaraketa sanoati, dvigatellar, qishloq xo’jligi mashinalari, sovitkichlar ishlab chiqarish rivojlangan. Dallas — yirik paxta bozori. Universitet (1911), xalqaro aeroport, muzey va teatrlar bor. Dallasga 1841 yilda asos solingan. 1856 yildan shahar. Dallasda 1963 yil 22 noyabrda AQSh prezidenti Jon F. Kennediga suiqasd uyushtirilgan.