DAM

DAM (fors— nafas) — 1) hunarmandchilikda — o’choqqa havo haydaydigan garmonsimon moslama. Dam va osma Dam degan xillari bor. Katta-kichikligi va o’rnatiladigan qasqonlari (gardishlari) soni (2-11 ta) ga ko’ra turli kasblarda turli Dam ishlatiladi: 2 qasqonlisi zargarlikda, 3 qasqonlisi anjomsozlikda, 5 qasqonlisi pichoqsozlikda, 6 qasqonlisi degrezlikda va boshqalar. Bular zargar dami, pichoqchi dami, miskar dami, temirchi dami deb ham ataladi. O’rta Osiyoda Dam juda qadimdan ishlatilib kelingan. U 11-asr yozma yodgorligi «Devonu lug’otit turk»da ko’ruk, 15- asr adabiyotida, xususan, Alisher Navoiy asarlarida hozirgi Dam tarzida uchraydi. Dam hozir ham qo’llaniladi; 2) pichoq, ketmon, tesha va boshqa shu kabi asboblarning tig’i.