DARVESH MUHAMMAD TARXON

DARVESH MUHAMMAD TARXON (?-1496) — temuriylardan Sulton Ahmad Mirzo (1451-94) ning nufuzli amiri, yirik yer egasi. O’rda Bug’o Tarxonning o’g’li. Buxoro hokimi. Arg’in qabilasidan. Sulton Ahmad Mirzo va Sulton Mahmud Mirzoning tog’asi bo’lgan. Alisher Navoiy Samarqandda tahsil olayotgan paytda (1466-69) Darvesh Muhammad Tarxon unga homiylik qilgan. Samarqand yonida Darvesh Muhammad Tarxonning chorbog’i bo’lgan. Bobur va Binoiy bergan ma’lumotlarga ko’ra, tarixchi Muhammad Solih 15-asr 90-yillari o’rtalarida Darvesh Muhammad Tarxon xizmatida bo’lgan. Sulton Ahmad Mirzo vafoti (1494) dan so’ng Darvesh Muhammad Tarxon Boysung’ur Mirzo bilan Sulton Ali Mirzo o’rtasidagi taxt uchun kurashda ishtirok etib, Boysung’ur Mirzo tomonidan asir olinib, qatl etilgan. Bobur «Boburnoma»da Darvesh Muhammad Tarxon haqida «Mirzo qoshida barcha beklardin ulug’roq va mo»tabarroq bu erdi. Musulmon, odmi va darveshvash kishi erdi. Hamisha mushaf kitobat qilur erdi. Shatranjni biser o’ynar edi, yaxshi o’ynar edi. Qush ilmini xo’b bilur edi, qushni xo’b solur edi», deb yozadi.