DARVINIZM

DARVINIZM — organik dunyoning tarixiy rivojlanishi to’g’risidagi Ch. Darvin asos solgan ilmiy dunyoqarash. Darvin ko’rsatishicha, irsiy o’zgaruvchanlik va tabiiy tanlanish evolyutsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi. O’zgaruvchanlik organizmlar tuzilishi va funktsiyasida yangi belgilarning hosil bo’lishidan iborat. Irsiyat orqali bu belgilar nasldan naslga o’tadi. Yashash uchun kurash tufayli muhit sharoitiga eng yaxshi moslashgan belgiga ega bo’lgan individlar yashab, nasl qoldiradi, ya’ni tabiiy tanlanish yuz beradi. Tabiiy tanlanish natijasida yangi turlar paydo bo’ladi. Shuning bilan birga organizmlarning tashqi muhitga moslanishi nisbiy xususiyatga ega. Darvin ishlaridan mustasno tarzda ingliz biologi A. Uolles ham xuddi shunday fikrga kelgan. Darvinizmning rivojlanishi va targ’ib qilinishiga ingliz tabiatshunosi T. Geksli (1860 yilda «Darvinizm» terminini taklif etgan), nemis olimlari F. Myuller va E. Gekkel, rus olimlari aka-uka A.O. va V.O. Kovalevskiylar, ota-bola N.A. va A.N. Seversovlar, I.I. Mechnikov, I.I. Shmalgauzen va b. kata hissa qo’shgan. 20-asrning 20-30-yillarida klassik Darvinizmning genetika fani yutuqlari bilan uyg’unlashtirilishi tufayli sintetik evolyutsion ta’limot shakllana boshladi. Darvinizm yaxlit ta’limot sifatida biologiyada revolyusion burilish yasadi; kreasionizm, vitalizm va lamarkizmga zarba berdi; 19-asrning ikkinchi yarmida tabiiy va ijtimoiy fanlar va umuman madaniyatning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Shunga qaramasdan Darvin tirikligidayoq evolyutsiyada tabiiy tanlanishni inkor etuvchi yoki uning ta’sirini cheklashga harakat qiluvchi turli oqimlar paydo bo’la boshladi. Evolyutsiyaning asosiy muammolari bo’yicha bahslar zamonaviy biologiya fanida ham davom etib kelmoqda.