DASHTOBOD

DASHTOBOD — Jizzax viloyati Zomin tumanidagi shahar (1974). 1937 yilgacha Qoratepa qishlog’i, 1937-74 yillarda Obrucheve shahar posyolkasi, 1974 yildan 1996 yilgacha Ulyanove, o’sha yildan Dashtobod nomi bilan yuritilgan. Viloyat markazi Jizzax shahridan 60 kilometr. Tumanning shimoliy-Sharqiy qismida, Turkiston tizmasining shim. tog’oldi bilan Mirzacho’l oralig’idagi qadimgi karvon yo’lida joylashgan. Aholisi 20,4 ming kishi (2001). Shaharda paxta tozalash zavodi, un kombinati, devor qoplama materiallari, lak-bo’yoq, qurilish, avtotransport korxonalari, noto’qima mato tayyorlash firmasi, dehqon bozori, savdo, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar, 6 umumiy ta’lim, sport maktablari, kasalxona, tug’ruqxona, sport majmuasi bor. Dashtoboddan Toshkent — Samarqand temir yo’l va katta O’zbekiston trakti kabi magistral yo’llar o’tgan. Zomin—Dashtobod suv quvuri qurilgan.