DAVID (DAVID) JAK LUI

DAVID (DAVID) JAK LUI (1748.30.8, Parij — 1825.29.12, Bryussel) — frantsuz rassomi, inqilobiy klassisizmning yetakchi namoyandasi. Parijdagi Qirollik rassomlik va haykaltaroshlik akademiyasida (1766-74; 1784 yildan akademik), 1775-80 yillarda Rimda ta’lim olgan. Qadimgi tarixiy mavzulardagi asarlarida klassisizm xususiyatlari ko’zga tashlanadi («Gorasiylar qasamyodi», 1784; «Liktorlar Brutga uning o’g’li jasadini keltirmoqdalar», 1789 va boshqalar). Ulug frantsuz inqilobi (1789-94) da faol qatnashgan, yakobinchilar Konventi a’zosi bo’lgan. Qahramon zamondoshlari qiyofasini aks ettirgan asarlar yaratgan («To’p o’ynaydigan zalda qasamyod», 1791; «Maratning o’limi», 1793 va boshqalar). Termidorianlar to’ntarishidan so’ng inqilobiy harakatdan chetlashdi. Direktoriya yillari, keyinroq imperiyada Davats Napoleonning birinchi rassomi bo’lgan. Ko’rinishda yoqimli, tantanavor (saroybop) asarlar («Napoleon Sen-Bernardan o’tishda», 1800; «Napoleonning Jozefinaga toj kiydirishi», 1805-07 va boshqalar), o’ta nafis portretlar («Madam Rekame», 1800 va boshqalar) yaratdi. Ayni paytda realistik portretlari ham dunyoga keldi («Grendl oilasidan o’smir portreti», 1816 va boshqalar). Burbonlar hokimiyatga qaytishi bilan Bryusselga ketadi.