DAVLAT GERBI
DAVLAT GERBI — davlat ramzlaridan biri. Unda davlatning milliy-siyosiy, iqtisodiy xususiyatlari, ijtimoiy va davlat tuzumi, geografik va boshqa belgilari o’z ifodasini topadi. Gerb davlat bayroqlarida, muhrda, rasmiy blanklarda, muhim hujjat, pul va davlat zayomlarida, ba‘zi binolarda tasvirlanadi. Davlat gerbining mazmuni konstitutsiya yoki maxsus qonun bilan belgilanadi. 1992-yil 2-iyulda O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. U quyidagi ko’rinishga ega: tog’lar, daryolar va so’l tomoni bug’doy boshoqlaridan, o’ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g’o’za shoxlaridan iborat chambarga o’ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida respublika hurligining ramzi sifatida 8 burchak tasvirlangan bo’lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasviri bor. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi – qanotlarini yozgan Humo qushi ko‗rinadi. Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog’ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O’zbekiston» deb yozib qo’yilgan.