DAVLAT MULKINI XUSUSIYLASHTIRISH

DAVLAT MULKINI XUSUSIYLASHTIRISH — davlatning o’z ixtiyoridagi ishlab chiqarish vositalari, mol-mulk ob’yektlarini, korxonalar, uy-joy, transport vositalari, tabiat resurslari va boshqalarni davlat tasarrufidan chiqarishi va fuqarolar, jamoalar, shuningdek, davlatga tegishli bo’lmagan yuridik shaxslarga berishi yoki sotishi; davlat mulki asosida turli (aktsiyali, xususiy, oilaviy, qo’shma, aralash, korporativ) mulk shakllarini vujudga keltirish. Davlat mulkini xususiylashtirish davlat mulkini kelgusida shu mulk negizida xo’jalik faoliyati yurituvchi va uning natijalari bo’yicha to’liq mulkiy mas’uliyatni zimmasiga oluvchi iqtisodiy sub’yektlarga turli shartlarda berish yoki sotish orqali amalga oshiriladi va mulk egasini o’zgartirishni nazarda tutadi. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish mulkni bepul berish, korxonani imtiyozli shartlarda sotish, aktsiyalarni sotish, korxonalarni ijaraga berish, mayda korxonalarni kim-oshdi savdosida sotish va boshqa usullarda amalga oshiriladi. Tarixan Davlat mulkini xususiylashtirishning o’z tabiatiga ko’ra tamomila farq qiladigan ikki turi shakllandi. Birinchi tur takror ishlab chiqarish mexanizmidagi o’zgarishlar va 20-asrning 70-yillari 2-yarmida sanoati rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida davlat mulki va davlat tadbirkorligining o’rni va ahamiyatidagi o’zgarishlar bilan bog’liq holda yuzaga keldi. Sanoati rivojlangan mamlakatlardagi xo’jalikni boshqarish va iqtisodiyotda Davlat mulkini xususiylashtirish ko’rinishlari g’oyaviy ta’sir, ba’zida esa rivojlangan mamlakatlarning yordam ko’rsatish shartlari bilan bog’liq holda, to’g’ridan-to’g’ri iqtisodiy bosimlar tufayli rivojlanayotgan mamlakatlarga ham tarqaldi. 80— 90-yillarda 80 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda Davlat mulkini xususiylashtirishning turli dasturlari ishlab chiqildi. Bu mamlakatlarda xususiylashtirish jarayoni bozor raqobati muhiti amal qilgan xususiy sektor va xo’jalik tizimida amalga oshirildi. Xususiylashtirishning ikkinchi turi jahon sosialistik tizimi mamlakatlari (Markaziy va Sharqiy Yevropa, Xitoy, sobiq Ittifoq respublikalari) da 1989 yildan boshlab amalga oshirila boshladi. Xo’jalik yuritishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor munosabatlariga asoslangan xo’jalik yuritish tizimiga o’tishda xususiylashtirish alohida o’rin tutadi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar tajribasi aynan xususiy mulk iqtisodiy o’sishni ijtimoiy larzalarga yo’l qo’ymay ta’minlashini tasdiqlaydi. U yoki bu mamlakatdagi xususiylashtirish miqyosi ilgari xususiy sektorni milliylashtirish qay darajada qo’llanilganiga bog’liq. Milliylashtirish usuli qisman o’tkazilgan mamlakatlarda (AQSh, Germaniya, Yaponiya) xususiylashtirish ko’rinishlari kam uchraydi. Milliylashtirish jarayoni uzoq vaqt davom etgan mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Frantsiya) esa Davlat mulkini xususiylashtirish keng ko’lamda amalga oshirilmoqda. Xususiylashtirishning peshqadami bo’lgan Buyuk Britaniyada Davlat mulkini xususiylashtirishning aktsiyalarni tekin taqsimlash va sotish; xizmat ko’rsatish uchun pudratlar; davlat uy-joylarini kvartirani ijaraga oluvchilarga sotish; raqobatni rivojlantirish maqsadida davlat monopoliyalaridan voz kechish kabi usullari qo’llanildi. Jahon tajribasi davlat mulkini va uning vazifalarini to’liq yoki qisman xususiy sektorga o’tkazishning 22 usuli borligini ko’rsatadi. Xususiylashtirish — uzoq muddatli jarayon. U Yaponiyada 10 yil, G’arbiy Yevropada 10-15 yil davom etadi. Bozor islohotlariga o’tishning O’zbekiston modeliga ko’ra mamlakat va xalqning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy, madaniy xususiyatlarini hisobga olgan holda ko’p ukladli iqtisodiyotni yaratish va xususiylashtirish dasturi ishlab chiqilgan hamda amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shunga ko’ra O’zbekistonda, birinchidan, davlat mulki mulkning yangi egasiga faqat sotish nuli bilan berilishi mumkin. Bu mulk ob’yektlarining to’g’ri taqsimlanishi va ulardan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Ikkinchidan, Davlat mulkini xususiylashtirishning maxsus dasturi ishlab chiqilgan va u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususiylashtirish bo’yicha barcha ishlar izchil, bir tizimda olib boriladi. Mulkka munosabatdagi uzgarishlar jarayoni har yili O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xususiylashtirishning davlat dasturi va tarmoq, mintaqa dasturlari asosida amalga oshiriladi. Uchinchidan, xususiylashtirish muammolari yirik boshqaruv va ishlab chiqarish tuzilmalarini monopoliyadan chiqarish, ularning tarkibidan savdo ob’yektlari va xizmat ko’rsatish sohalarini ajratib olish, shuningdek, muqobil raqobatchi ishlab chiqarish korxonalarini yaratish yo’li bilan birga hal etiladi. O’zbekistonda xususiylashtirish bir necha bosqichda o’tkazilmoqda. Birinchi bosqichda (1992-93) «kichik xususiylashtirish» amalga oshirildi. Bu davrda uy-joy, savdo va umumiy ovqatlanish, aholiga maishiy xizmat ko’rsatish, mahalliy sanoat korxonalari xususiylashtirildi (xususiy, oilaviy, jamoa, aktsiyali). Kichik xususiylashtirish natijasida 21800 aktsiyadorlik, 633 jamoa, 18184 xususiy, 661 ijara korxonalari va boshqalardan iborat 53902 turli mulk ob’yektlari vujudga keldi. Shuningdek, tayyorlov va kayta ishlash tarmoqlarida 25 ming ob’yekt yoki ular jami miqdorining 96,7% xususiylashtirildi. 1993 yildan yengil, oziq-ovqat sanoatlari, transport va qurilish majmualarining o’rta hamda yirik korxonalarini xususiylashtirish boshlandi. Qishloq xo’jaligidagi islohotlar natijasida dastlab 715 davlat xo’jaligi davlat tasarrufidan chiqarildi, ular negizida 325 jamoa, 296 kooperativ, 90 ijara xo’jaliklari vujudga keldi. Mavjud chorvachilik ob’yektlari, ayniqsa past rentabelli va zarar ko’rib ishlayotgan fermalar asosida 735 yopiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Shaxsiy tomorqa va dehqon xo’jaliklarini rivojlantirish ishlari olib borildi (680 ming gektardan ko’proq maydon yoki sug’oriladigan yerlarning 15% shaxsiy tomorqa va dehqon xo’jaliklari ixtiyoriga berilgan). Shunday qilib, respublika iqtisodiyotida nodavlat sektori salmoqli o’ringa ega bo’la bordi va 1993 yilda milliy daromadning 35% nodavlat sektori hissasiga to’g’ri keldi. 1994 yil 1 yanvargacha respublikada 1069414 kvartira xususiylashtirildi. Bu xususiylashtirilishi lozim bo’lgan kvartiralarning 98,98% ni tashkil etadi. Shu bilan «kichik xususiylashtirish» bosqichi tugallandi. 1994-95 yillarda xususiylashtirishning 2-bosqichi amalga oshirildi. Bu davrda xalq xo’jaligining barcha tarmoqlaridagi qonun yo’li bilan cheklashlar qo’yilmagan korxonalar — xalq xo’jaligining bazaviy tarmoqlari bo’lgan mashinasozlik, yoqilg’i-energetik korxonalari, sanoat, qurilish, transport, kommunal uy-joy xo’jaligi, agrosanoat majmuining tayyorlov va qayta ishlash korxonalari va hokazolar xususiylashtirildi. Xususan, «O’zbek neftgaz» korporasiyasi, energetika vazirligi, «O’zmashsanoat» assotsiasiyalarining ko’plab ob’yektlari, shuningdek, transport korxonalari (avtobus va taksomotor parklari) davlat tasarrufidan chiqarildi. Bu bosqichda 5 ming korxona, jumladan xalq xo’jaligining turli tarmoqlarida 900 dan ko’proq o’rta va yirik korxonalar davlat tasarrufidan chiqarildi. 1996 yildan Davlat mulkini xususiylashtirishning yangi — 3-bosqichi boshlandi. Bu bosqich eng yirik korxonalarni xususiylashtirish, tarmoqlar ichida institusional o’zgarishlar, yangicha xo’jalik yuritish tuzilmalarini yaratish va boshqalar. nazarda tutadi (masalan, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi, tarmoqlarni boshqarishning yangi tizimi — xoldinglar tashkil etilmoqda). O’zbekistonda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo’yicha Davlat dasturiga muvofiq tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va korxonalarni xususiylashtirilgandan keyingi davrda qat’iy ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalarni xususiylashtirishdan keyingi davrda qat’iy ishlashi uchun maxsus investisiya fondlari va banklar tashkil etilgan, xususiylashtirishdan kelgan mablag’lar jamg’arilib, ular xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish uchun sarflanmoqda. Davlatga tegishli aktsiyalarga olingan dividendlar asosiy fondlarni yangilash va ularni texnik qayta jihozlashga yo’naltirilmoqda. O’zbekistonda aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoyalash va tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash, korxonalarni eksportbop va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan qilib texnik jihozlashni ta’minlaydigan aniq yo’nalishli xususiylashtirish amalga oshirilmoqda. Shu yo’l bilan mamlakatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini oshirish hamda davlat uchun tayanch bo’ladigan mulkdorlar sinfini shakllantirish asosiy maqsad qilib qo’yilgan. O’zbekistonda Davlat mulkini xususiylashtirishda Yevropa Ittifoqi komissiyasi, «TASIS», Jahon banki, Yun ido, Germaniya texnika markazi, AQShning xalqaro rivojlanish bo’yicha agentligi va boshqalarning maslahat xizmatlaridan foydalaniladi. Abdulla Abduqodirov, Erkin Shodmonov.