DAVLAT NAV SINASH TARMOG’I

DAVLAT NAV SINASH TARMOG’I – ekinlarning yangi navlarini har tomonlama baholash va muayyan tuproq-iqlim sharoitlarida yetishtirishga yaroqliligini tekshirish maqsadlarida o’rganish va sinab ko’rish tizimi. Selektsiya muassasalarida chiqarilgan yangi navlar sinash bosqichlari yakunlanganidan so’ng sinash ishlarini davom ettirish uchun Davlat nav sinash tarmog’iga topshiriladi. Davlat nav sinash tarmog’i davlat nav sinovini amalga oshiradigan davlat nav sinash uchastkalari majmuidan iborat. Davlat sinovi ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan davlat nav sinash uchastkalarida belgilangan uslub va muddatlarda (uch yildan 10-15 yil va undan ortiq) o’tkaziladi. Davlat nav sinash tarmog’ining nav sinash uchastkalari (baza xo’jaliklari) da qishloq xo’jalik ekinlarining yangi va yaxshilangan selektsion, mahalliy va xorijiy navlari va duragaylarini hosildorlik, texnologik xossalar, mahsulot sifati, kasallik va zararkunandalarga bardoshi bo’yicha sinash, yangi navlarni turli agrotexnika usullarida, tuproq-iqlim sharoitlarida sinash, istiqbolli navlarni ishlab chiqarish sharoitlarida sinash va ularning himoyaga layoqatliligi bo’yicha davlat sinovi ishlari va boshqalar amalga oshiriladi. Eng yaxshi navlar baholanib, ajratib olinadi va O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasi tomonidan respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo’jalik ekinlari Davlat reyestriga kiritiladi. O’zbekistonda dastlabki nav sinash tarmog’ining shakllanishi 1914 yilda Mirzacho’l tajriba stansiyasida, Andijon qishloq xo’jalik tajriba stansiyasida g’o’za navlari sinovidan boshlandi (82 sinalgan navdan 12 nav tanlab olingan). 1924 yildan dastlab sobiq Ittifoq yer ishlari xalq komissarligi qoshida Davlat nav sinash tarmog’i tashkil etildi. 1926 yildan bu tarmoq Butunittifoq o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti (VIR) tasarrufiga o’tkazildi. 1937 yildan Davlat nav sinash tarmog’i VIR tarkibidan SSSR yer ishlari xalq komissarligi (keyinchalik qishloq xo’jaligi va tayyorlash vazirligi) ga o’tkazildi va qishloq xo’jalik ekinlarini sinash davlat komissiyasi deb atala boshladi. 1937-89 yillarda don ekinlari, moyli va yem-xashak ekinlari, texnika ekinlari, g’o’za navlarini sinash davlat komissiyalari yoki yagona qishloq xo’jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi ishladi. Shu davrda sobiq Ittifoq bo’yicha qishloq xo’jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi va barcha ittifoqdosh respublikalarda, shu jumladan O’zbekistonda ham mazkur komissiyaning inspekturasi va nav sinash tarmog’i (uchastkalari) faoliyat ko’rsatgan. 1990 yil boshidan O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi tashkil etildi. O’zbekistonda «selektsiya yutuklari to’g’risida» (1996 yil 30 avgust) va «urug’chilik to’g’risida» (1996 yil 29 avgust) qonunlari qabul qilinishi munosabati bilan Davlat nav sinash tarmog’i vazifalari ham kengaydi. Respublikaning jami viloyatlari tumanlarida joylashgan 58 nav sinash shoxobcha (uchastkami faoliyat ko’rsatdi. Davlat nav sinash tarmog’i uchun baza tarzida tanlangan xo’jaliklarda g’o’za, qand lavlagi, bug’doy, arpa, makkajo’xori, moyli, dukkakli don, sabzavot-poliz, yem-xashak ekinlari, mevali daraxtlar, tok, subtropik mevalar va boshqalarning yangi navlarini sinash ishlari olib boriladi (2001). Davlat nav sinash tarmog’i tarkibida 3 laboratoriya (Toshkent va Vodil kimyo-texnologiya, Toshkent texnologiya), 1 nav sinash stansiyasi ishlaydi. Zoir Ziyatov.