DAVONIY JALOLIDDIN

DAVONIY JALOLIDDIN (to’la nomi Jaloliddin Muhammad ibn Asad assiddiqiy addavoniy) (1427 — Davon qishlog’i, Eron — 1502) — Sharq olimi, faylasufi. Yoshligidan ilm-fanga, xususan fiqhshunoslikka qiziqadi. Maktabni bitirgach, Sherozga kelib madrasada tahsil ko’radi. So’ng Sheroz shahahr qozisi etib tayinlanadi. Qozilikdan iste’foga chiqqach, mudarrislik qiladi. Umrining oxirida o’z qishlog’iga qaytib, ilmiy ish bilan band bo’ladi. Davoniy Eron, Hindiston, Iroqning ko’p shaharlarida bo’lib, olim va shoirlar bilan uchrashdi. Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va boshqalarning dunyoqarashini o’rgandi, Temur va Temuriylar davrida yashagan mutafakkirlar asarlaridan unumli foydalandi. U falsafa, axloqshunoslik, mantiq, fiqh, falakiyot, riyoziyot va handasa fanlari muammolarini tadqiq qilib asarlar yozdi. Bu asarlarida inson va uning kamoloti, ilm-fan va uning jamiyatdagi o’rni, kasb-hunar, yuksak insoniy fazilatlarni egallash haqida fikr yuritdi. Davoniyning asosiy asarlari: «Axloqi Jaloliy», «Risolatul-xuruf» («Harflar haqida risola»), «Risolayi isboti vojib» («Zaruriyatning isboti haqida risola»), «Risola ul-mufradot» («Moddalar haqida risola»), «Risolayi Fi tavjix ultashbih» («Majoz talqini xaqida risola»), «Risola dar Elm un-nafs» («Ruhshunoslik to’g’risida risola»), «Tariqati tarbiyat ul-avlod» («Bolalarni tarbiyalash usuli») va boshqalar. Davoniyning fors va Arab tilida bitilgan qo’lyozma hamda toshbosmada bosilgan risolalari dunyoning ko’p kutubxonalarida, shu jumladan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.