DAVR
DAVR — 1) jamiyat taraqqiyotida muhim voqea, hodisa yuz bergan, hukm surgan yoki o’ziga xos xususiyati bilan ajralib turadigan ma’lum vaqt oralig’i (masalan, tosh Davri, jez Davri, temir Davri va hokazolar); 2) kishi yoki kishilik hayotida ma’lum vaqt, yillar; 3) takrorlanuvchi jarayonning har bir takrorlanishida boshlanishidan to oxirigacha o’tadigan vaqt yoki biror tugal jarayon davomidagi vaqt oralig’i.
DAVR (geologiyada) — geologik sistemani tashkil qiladigan tog jinslari (qatlami)ning hosil bo’lishiga ketgan geologik vaqt. Geologik bo’lim (epoxa)larga bo’linadi. Bir necha Davr eratema (era)ni tashkil etadi.
DAVR (musiqada) — 1) O’rta asr Sharq musiqa nazariyasida usul, ritmik tuzilma ma’nosini bildiruvchi tushuncha; 2) davriya — Yevropa musiqa tahlilida tugal yoki nisbatan tugal musiqiy fikrni bayon qiluvchi shakl tuzilmasi. Odatda musiqa asarining boshlang’ich qismi, yoxud biror parchasini tashkil qiladi. O’xshash (hatto takrorlanuvchi) jumlalardan iborat bo’lib, keyingi musiqa jarayonida rivoj topadi. Ba’zan, butun musiqa asari (prelyudiya, romans kabi kichik pesalar) bir Davr bilan chegaralanadi. Ad.: Vaxromeyev V., Muziqaning elementar nazariyasi, 2-nashri (maxsus muharrir T. G’afurbekov), T., 1980.