DEFIBRILLYATSIYA

DEFIBRILLYATSIYA (de… va lotincha fibrillatio — muskul tolalarining tez qisqarishi) — yurak faoliyati jiddiy izdan chiqqanda yurak qorinchasi yoki bo’lmachasi fibrillyar qisqarishlarining to’xtashi. Sun’iy Defibrillyatsiya bir vaqtning o’zida yurakka dori bilan kuchli elektr toki ta’sir ettirishdan iborat. Yurak qorinchasi Defibrillyatsiyasi reanimatsiya (jonlantirish)ning muhim usullaridan biri bo’lib, bunda uning qisqarish faoliyati qayta tiklanadi. Yurak bo’lmachasi Defibrillyatsiyasi yurak qisqarishlari sinus ritmining qayta tiklanishiga imkon beradi. Defibrillyatsiya maxsus apparat — defibrillyator yordamida amalga oshiriladi; bu apparat elektr impulslari generatoridan iborat. Defibrillyatsiya natijalarini uzluksiz elektrokardiografiyaga qarab aniqlash mumkin.