DEHQONOBOD TUMANI

DEHQONOBOD TUMANI – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda G’uzor tumani bilan birlashtirilgan. 1971 yil 31 avgustda qayta tuzildi). Dehqonobod tumani viloyatning Janubi-sharqida joylashgan. Shimoli-g’arbda G’uzor tumani, shimoli- Sharqda Qamashi tumani, Janubi-Sharqda Surxondaryo viloyati, g’arbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 4,0 ming kilometr kvadrat. Aholisi 100,3 ming kishi (2000). Dehqonobod tumanida 1 shaharcha (Dehqonobod), 14 qishloq fuqarolari yig’ini (besh-qo’ton, Bibiqorasoch, Bozortepa, Bosh-Chorboq, Duob, Karashina, Obiravon, Oqirtma, Oqravot, Oqtosh, Oqqishloq, Kizilcha, Qirqquloch, Qo’rg’ontosh) bor. Markazi — Karashina qishlog’i. Tabiati. Relefi o’rtacha balandlikdagi tog’lar (Hisor tizmasining g’arbiy tarmoqlari — Bobosurxon, Qorasirt), past tog’lar (Oqtosh, Sayfi, kesik, Usmontov, Tepaqo’rg’on) va tog’oldi qiya tekisliklaridan iborat. Tumanda neft, gaz, osh tuzi (Boybichakon, Govxona), kaliy tuzi (Odamtosh, Tepaqo’ton) va qurilish materiallari (ohaktosh, shag’al, gips) mavjud. Iqlimi kontinental iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 0,6°, iyulniki 28,4°. Yiliga o’rtacha 277 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududidan G’uzor daryosining irmoqlari: kata O’radaryo va kichik O’radaryo oqib o’tadi. Tumanning Janubiy-g’arbiy qismida yozda qurib qoladigan qizilcha va Gajaksoy kabi soylar bor. Pachkamar, Dehqonobod suv omborlari qurilgan. Dehqonobod tumanining tog’li qismida yupqa tog’-qo’ng’ir tuproq, tog’ oldi va tekislik qismida och bo’z tuproq (ba’zan sho’rxok va qumoq tuproqlar) uchraydi. Tuman hududida archa, zarang, uchqat o’sadi. Past tog’ etaklarida pistazorlar bor. Shuvoq, sho’ra, yantoq, efemerlar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tuman tog’li qismida qoplon, ayiq, qobon, tog’ echkisi, bo’ri, tulki, jayra, sug’ur va boshqalar uchraydi. Kemiruvchilardan kalamush, sichqon, qushlardan kaklik va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 24,4 kishi. Shaharliklar 7,4 ming kishi. Xo’jaligining asosini chorvachilik va dehqonchilik tashkil qiladi. Ekin maydoni 47,4 ming gektar, ko’p yillik daraxtzorlar 2,1 ming gektar, yaylovlar 237,4 ming gektar. Yaylovlarda Qorako’l qo’ylari, hisori qo’ylar, Angor zotli echkilar, qoramol, yilqi boqiladi. Dehqonobod tosh kesish kareri, junni qayta ishlash zavodi, konserva tayyorlash tsexi mavjud. Tuman hududidan katta O’zbekiston trakti, G’uzor — Qumqo’rg’on temir yo’l o’tgan. 2000/01 o’quv yilida 88 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji, internat litseyi faoliyat ko’rsatdi. Tumanda «Tog’ go’zali» ashula va raqs ansambli, «Ko’ng’irot» folklor etnografik ansambli, 27 kutubxona, 11 qishloq klubi bor. Markaziy kasalxona, 6 qishloq uchastka shifoxonasi, 56 qishloq feldsher-akusherlik shoxobchasi, 7 qishloq vrachlik punkti, 7 dorixona mavjud bo’lib, 650 ga yaqin oliy va o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1972 yildan «Dehqonobod ovozi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 2000).