DEN SYAOPIN

DEN SYAOPIN (1904, Sichuan – 1997, Pekin) — Xitoy davlat va siyosat arbobi, Xitoy Kompartiyasi (XKP) maslahatchilar Markaziy komissiyasining raisi (1982— 87). XXR Markaziy harbiy kengashi raisi (1983-90). 1975— 76 va 1977-82 yillarda XKP Markaziy Komiteti raisining o’rinbosari. XKP MK bosh kotibi (1956-66). XXR Davlat ma’muriy kengashi bosh vazirining o’rinbosari (1952-54), XXR Davlat kengashi bosh vazirining o’rinbosari (1954-66). XKP MK harbiy Kengashining raisi (1981-89). «Madaniy inqilob» davrida (1966-76) «Mao Szedunga qarshi qaratilgan yo’lni o’tkazganligi» uchun Den Syaopin ta’qibga uchragan va surgun qilingan. Mao Szedun o’limidan keyin (1976 yil sentabr) rahbarlik ishiga qaytarildi va avvalgi hamma lavozimlariga tiklandi (1977). XKP MK ll-chaqiriq 3-plenumida (1978 yil dekabr) Den Syaopin tashabbusi bilan mamlakat miqyosida tub iqtisodiy islohotlar o’tkazish, bozor tizimini yaratish, xorijiy mamlakatlar bilan savdo, sanoat, moliya sohalarida hamkorlikni keng yo’lga qo’yish va boshqa yirik tadbirlar majmui ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Den Syaopin butun dunyoda «Xitoyni qayta qurish me’mori», «Xitoy islohotining otasi» sifatida tan olindi. Uning Xitoyda bozor munosabatlarini qaror toptirishga oid fikrlari «Hozirgi Xitoyning asosiy masalalari» kitobida (1988) bayon qilingan.